DAYMYO
DAYMYO — o’rta asrlarda Yaponiyadagi yirik mulkdor knyazlar. “Daymyo” istilohi 11-asrda paydo bo’lib, yirik mulkdorlarni anglatgan. 14-15-asrlardan 16-asr oxirigacha Daymyolar Markaziy hokimiyatdan mustaqil bo’lishgan. Tokugava syogunlari hukmronligi davrida (1603-1867) mamlakat birlashtirilgandan so’ng, Daymyoga yerlarida olinadigan sholi hosili kamida 10 ming Koku (1 Koku = 150 kilogramm) ga yetgan yirik mulkdorlar mansub bo’lishgan. Knyazliklar iqtisodiy va ma’muriy siyosiy birliklar hisoblanib, ichki ishlarda Daymyo to’la hokimiyatga ega edi. Lekin xukumat Daymyolar ustidan har tomonlama nazoratni kuchaytirib, ularning erlarini qisqartirgan. 1867-68 yillardagi tugallanmagan burjua inqilobidan so’ng, Daymyo 1869-71 yillarda o’z yerlaridan mahrum bo’lishgan, knyazliklar urniga prefekturalar barpo etilgan. Daymyolarga katta pul miqdorida tovon to’langan, Daymyolarning bir qismi yirik pomeshchiklarga (mulkdorlarga), ayrimlari — aktsionerlar va sanoatchilarga aylangan. Saroy zodagonlari (kuge) bilan birga Daymyolar (1884 yilda) oliy zodagonlar — kadzokuni tashkil etgan, u 1890-1945 yillarda Yaponiya parlamentidagi perlar palatasida katta imtiyozlarga ega bo’lgan.