“DAYMLER-BENTS AT”

“DAYMLER-BENTS AT” – yetakchi nemis avtomobil kontserni. 1926 yilda Gottlib Daymler va Karl Bents tomonidan Germaniyaning Shtutgart shahrida tashkil etilgan. Asosan yengil va yuk avtomobillari, og’ir yuk tortuvchi tyagachlar, kichik va katta yo’lovchi avtobuslar, mikroelektronika, aviaapparatlar, aviadvigatellar va boshqalar ishlab chiqaradi. Mersedes-Bents AG (yengil va yuk avtomobillari ishlab chiqarish, savdo va avtoservis), Daymler-Bents Industri — “AEG” (mikroelektronika, dizel kuch agregatlari, avtomatlashtirish uchun texnika, telemexanika vositalari va boshqalar), Daymler-Bents Aerospeys — “Daza” AG (aviatsiya, kosmonavtika, harbiy va fuqaro sun’iy yo’ldoshlari tizimi va boshqalar) va Daymler-Bents Inter servis — “Debis” (moliyaviy xizmatlar ko’rsatish, sug’urta, marketing xizmati, kommunikatsiya va aloqa xizmati, xalqaro savdo, ko’chmas mulk menejmenti) kompaniyalari kon-tsern tarkibiga kiradi. Braziliya, Argentina, AQSh, Xitoy, Turkiya, Ispaniya, Italiya singari dunyoning 23 davlatida o’z korxonalariga ega. 1993 yil “Mersedes-Bents AG” kompaniyasi bilan hamkorlikda O’zbekistonda yuk avtomobillari ishlab chiqaradigan “Xorazm ishlab chiqarish birlashmasi” qo’shma korxonasi tashkil etildi. 1996 yil Toshkent shahrida “Daymler-BentsAG”ning Markaziy Osiyo bo’yicha vakolatxonasi ochildi. 1998 yil “Daymler-BentsAG” Amerikaning gigant korporatsiyasi “Kraysler” bilan qo’shilishi natijasida dunyo avtomobilsozligida yetakchi kompaniya “Daymler-Kreysler” tashkil etildi. Yillik savdo oboroti 124 milliard nemis markasi. “Daymler-BentsAG”ning dunyo bo’yicha korxonalarida 300 mingdan oshiq ishchi-xizmatchi ishlaydi (1998). Hamid Azizqoriyev.