DALA ISHLARI SIFATINI BAHOLASH

DALA ISHLARI SIFATINI BAHOLASH, texnologik brakeraj — tuproqqa ishlov berish, ekinlarni parvarish qilish va hosilni yig’ib olishdagi ish sifatining texnologiya talablariga muvofiqligini aniqlash. Barcha agrotexnologiya tadbirlari tsiklini o’z vaqtida va sifatli qilib o’tkazish qishloq xo’jalik ekinlaridan yuqori hosil olishning asosiy shartidir. Tuproqqa ishlov berishning quyidagi usullari nazorat qilinadi va baholanadi: yer haydash, ekish, kultivatsiya, ang’izni yuza yumshatish va boronalash ishlari sifati. Yerning haydalish chuqurligi va shudgorning tekisligi, haydalmay qolib ketgan joylar bor-yo’qligi, haydalgan yerning o’ydim chuqurligi yoki bir tekisligi, tuproqning yumshash, maydalanish darajasi, ekin qoldiqlarini, begona o’tlarni, o’g’itlarni ko’mish va tuproq qatlamini ag’darish; kultivatsiya va yuza yumshatishda tuproqqa ishlov berish chuqurligi va tekisligi, begona o’tlarni to’la yo’q qilish, boronalashda yer yuzasini yumshatish va tekislashning sifati tekshiriladi. Diametri 5 santimetrdan ziyod kesaklar 20% dan yoki 1 metr kvadratdagi katta kesaklar soni 10 donadon ortmasa, ishlov sifati yaxshi deb hisoblanadi. Qatlam ko’tarilishi 3-4 santimetrdan ortmasligi kerak. Ekish sifati ko’rsatkichlari uning o’z vaqtida o’tkazilganligi, xatosi yo’qligi, urug’larning qatorlarga bir tekis tushishi, qatorning to’g’riligi va qator oralarining bir xilligi va boshqalar ekish seyalkasi ishlab turganda baholanadi. Bu baho ekin unib chiqqandan keyin tasdiqlanadi. Maysalar qiyg’os unib chiqqan bo’lsa, ekish sifati yaxshi, nihollar siyrak (20% gacha) bo’lib qolsa, ekish sifati qoniqarli, siyraklik ko’p bo’lib (20% dan ortiq) va qator oralari kengligi har xil bo’lib qolgan bo’lsa ekish sifati qoniqarsiz deb hisoblanadi. Bunday ekinlar brakka chiqariladi va qayta ekiladi. Qator oralariga ishlov berish sifatiga ish organlarining o’tish zonasidagi begona o’tlarni to’la yo’q qilishi, o’simlikning shikastlanish darajasi, tuproq yuzasidagi kesaklarning mayda-yirikligigacha qarab baho beriladi. Tuproqqa to’g’ri ishlov berilganligini ko’rsatadigan mezonlar — 0,1 millimetrdan 10 millimetrgacha bo’lgan kesaklarning 40% gacha bo’lishi, 50 mm va undan katta kesaklarning bo’lmasligidadir. Bunga erishish uchun qator oralariga sug’orishdan keyin ishlov beriladi. Vegetatsiya davrida sug’orish sifati egatning boshidan to oxiriga qadar tuproq qatlamining bir tekis namlanganligiga qarab baholanadi. Hosilni yig’ib-terib olish dehqonchilikdagi ishlarning yakunlovchi pallasidir. Yig’im-terim ishlari eng qulay qisqa muddatlarda, nobudgarchilikka yo’l ko’ymay o’tkazilishi kerak. Masalan, paxtachilikda terim go’za tuplaridagi kusaklarning 55-60% ochilgan vaqtda boshlansa, mashina ochilgan paxtaning kamida 80%ni terib olsa, mashina erga to’kib-tushirib yuboradigan ko’saklar har qatorda 2-3 metr masofada ko’pi bilan bittadan bo’lsa, paxta terimi sifatli hisoblanadi. Yerga to’kilgan paxta miqdori hosilning 2% dan ortmasligi kerak. Har tupda ochilgan paxtani terib olish 75% dan kam bo’lganda terish qoniqarsiz hisoblanadi. Dala ishlari sifatini bosh pudratchilar, agronomlar, o’zaro tekshirish brigadalari tekshiradilar.