DARYO OQIMINI TARTIBGA SOLISH

DARYO OQIMINI TARTIBGA SOLISH — daryodan oqayotgan suvni vaqt davomida va xalq xo’jaligi ehtiyojlariga ko’ra qayta taqsimlash. Muayyan davrda oqimni tabiiy Daryo rejimiga nisbatan ko’paytirish yoki kamaytirishdan iborat. Bunga daryoda suv talabga nisbatan ko’p bo’lganda uni suv omborlarida vaqtincha to’plash, iste’mol tabiiy oqimdan yuqori bo’lganda jamg’arilgan suvni sarflash yo’li bilan erishiladi. Suvni yig’ish va chiqarish tsiklining davomiyligiga qarab Daryo oqimining tartibga solish ko’p yillik, mavsumiy, haftalik va sutkalik bo’ladi. Suvi kam daryolar oqimini sersuv daryolar hisobiga ko’paytirish maqsadida ko’p yillik tartibga solish qo’llaniladi; mavsumiy tartibga solishda suv yil davomida fasllarga qarab qayta taqsimlanadi. Hafta va sutkalik Daryo oqimining tartibga solish suvni iste’mol qilishning hafta va sutka davomida o’zgarishiga bog’liq bo’lib, gidroenergetika va suv ta’minoti maqsadlari uchun xizmat qiladi. O’rta Osiyoda sug’orish uchun asosan Daryo oqimining tartibga solishning ko’p yillik va mavsumiy turlaridan foydalaniladi. Daryo oqimining tartibga solish grafigi birinchi navbatda sug’orishning, so’ngra gidroenergetikaning suvga bo’lgan talabini hisobga olib tuziladi. Suvni tartibga soluvchi hajm (ombor) sifatida o’zanli va to’ldiriladigan suv omborlari (yoki ularning kaskadi) dan, ko’llar va ayrim qulay sharoitlarda yer osti suvlarining suvli qatlamlaridan foydalaniladi. O’rta Osiyoda Sirdaryo (havzasida To’xtag’ul, Chordara, Qayroqqum, Chorvoq va boshqa suv omborlari mavjud), Amudaryo (havzasida Norak, Tallimarjon, Jan. Surxon, Chimqo’rg’on, Tuyamo’yin va b.oshqa suv omborlari qurilgan) oqimlari xalq xo’jaligi ehtiyojlariga javob beradigan darajada tartibga solingan. Toshtemir Bekmurodov.