DUTORCHI QIZLAR ANSAMBLI

DUTORCHI QIZLAR ANSAMBLI, O’zbekiston Teleradiokompaniyasining G’anijon Toshmatov nomidagi Dutorchi qizlar ansambli — xotin-qizlardan tashkil topgan milliy musiqa ansambli. Dastlab O’zbek davlat filarmoniyasi qoshida “Dutorchi qiz-juvonlar” ansambli (1939 yil) tashkil etilgan. Badiiy rahbari — L. Sarimsoqova, musiqa rahbari — Yu. Rajabiy, baletmeyster — G. Rahimova. Repertuaridan o’zbek xalq va bastakorlarining kuy va qo’shiqlari o’rin olgan: “O’zgancha”, “Quling”, “Tanavor”, “Hakkalakam o’ynasam man”, “Yorginam” va boshqalar 2-jahon urushi yillarida ansambl a’zolari front kontsert brigadalari tarkibida kontsertlar bergan. Repertuaridan o’zbek, rus, qozoq, tatar, tojik, uyg’ur va boshqa xalqlarning qo’shiqlari o’rin olgan. Keyinchalik u “Ashula va raqs ansambli” deb nomlangan. Ansamblda R. Bogdanova, K. Ismoilova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist M. Abdullayeva va boshqalar xizmat qilgan. 1958 yil yangidan “Dutorchi xotin-qizlar ansambli” tashkil etilgan (badiiy rahbari — M. Abdullayeva). 1964 yilda tarqalgan. 1977 yilda Toshkent shahar Madaniyat uyida A. Ilyosov boshchiligida “Dutorchi qizlar ansambli” tuzildi. Mazkur ansambl ishtirokchilari 1979 yil O’zbekiston radiosi va televideniyesi qoshida tashkil etilgan Dutorchi qizlar ansambli tarkibiga kirgan. Badiiy rahbari va tashkilotchisi G’. Toshmatov, musiqa rahbarlari — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Z. Rahmatullayeva (1979-84 va 1990 yildan), Z. Suyunova (1985-90); 1994 yildan badiiy rahbari — Z. Suyunova. 1996 yildan — G’anijon Toshmatov nomida, 30 kishidan iborat (2002). Yetakchi xonanda va sozandalar: O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar Z. Rahmatullayeva, S. Karimova va Q. Esonova; artistlar O. Madrahimova, R. Hojiyeva, D. Muhamedova, M. Qurbonova, X. Shorahmedova va boshqalar. Ansambl Farg’ona-Toshkent milliy qo’shiqchilik an’analarini davom ettirmoqda, uning ijrochiligiga mahorat, musiqiy dilkashlik xos. Repertuaridan yuzlab o’zbek xalq qo’shiqlari (“Chamannor”, “Yoryoraxon-Gulyoraxon”, “Simsim oralab”, “Yo’l bo’lsin”, “yor-yor” lar, laparlar, o’lanlar), bastakor va kompozitor (F. Toshmatov, K. Jabborov, S. Kalonov, F. Sodiqov, M. Murtazoyev, Q. Iskandarov, A. Ismoilov, R. Tursunov, T. Otaboyev, Q. Komilov, Sayfi Jalil va boshqalar) lar asarlari (“Qoshing qarosi balo”, “Baxtimdan”, “Diyorimsan”, “Uyolaman”, “Kelasan”, “Tamanno”, “Humo”, “Avval Vatan, keyin jon”, “Sevgi”), shuningdek, ansambl ishtirokchilari (Z. Suyunova, Z. Rahmatullayeva, Q. Esonova) bastalagan qo’shiqlar (“Boy qaynona”, “Ayol”, “Gul ochilsa”, “Uzoq kutdim” va boshqalar) va turli xalqlar (afg’on, hind, uyg’ur, qoraqalpoq, ispan) qo’shiklari o’rin olgan. Ansambl Tojikiston, Rossiya, Frantsiya, Germaniya, Turkiya mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. O’zbekiston viloyatlari va o’quv yurtlarida ham Dutorchi qizlar ansambllari (masalan, Nukus shahri 1-Madaniyat uyi qoshida “Qirq qiz” Dutorchi qizlar ansambli, 1967; Farg’ona davlat pedagogika institutining “Nihol” Dutorchi qizlar ansambli, 1977) tashkil etilgan.