DA’VONI TA’MINLASH
DA’VONI TA’MINLASH – sud yoki arbitraj chiqaradigan qaror ijrosining asosliligini ta’minlovchi choralarni ko’rish; da’vogar manfaatlarini himoya qilishning kafolatlaridan biri. O’zbekiston Respublikasi Fuqarokik Protsessual Kodeksiga binoan sud (sudya) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga ko’ra yoki o’z tashabbusi bilan Da’voni ta’minlash choralarini ko’rishi mumkin. Da’voni ta’minlash choralarini ko’rmaslik sud chiqargan hal qiluv qarorining ijrosini qiyinlashtirsa yoki uni bajarib bo’lmaydigan qilib qo’ysa, Da’voni ta’minlashga yo’l qo’yiladi. Quyidagilar Da’voni ta’minlash choralari bo’lishi mumkin: 1) javobgarga tegishli bo’lgan va uning o’zida yoki boshqa shaxsda turgan mol-mulk yoxud pul summasini xatlash; 2) javobgarning muayyan harakatlarni amalga oshirishini taqiqlash; 3) boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash; 4) mol-mulkni xatlashdan chiqarish to’g’risida da’vo qo’zg’atilgan taqdirda, uni sotishni to’xtatish; 5) agar qarzdor ijro hujjati yuzasidan da’vo tartibida nizolashayotgan bo’lsa va bunday nizolashishga qonun hujjatlarida yo’l qo’yilsa, bu hujjat bo’yicha undiruvni to’xtatish. Ish haqini, daromadni, pensiya va stipendiyani xatlash orqali Da’voni ta’minlashga yo’l qo’yilmaydi. Zarur hollarda sud Da’voni ta’minlash chorasining bir necha turini qo’llashi mumkin, lekin umumiy summa da’vo bahosidan oshib ketmasligi kerak. Da’voni ta’minlash to’g’risidagi ariza ishni ko’rayotgan sudya (sud) tomonidan tushgan kuniyoq javobgarni va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni xabardor qilmagan holda hal etiladi (FPK, 248-258-moddalar).