DEV

DEV — 1) zardushtiylikda yovuzlikning asosiy timsoli. Avestoda “Dayva” tarzida qayd etilgan; 2) turkiy va fors-tojik xalmari mifologiyasida yovuzlik timsoli. Dev dahshatli, zulm va zo’rlik, qonxo’rlik yoki yovuz kuchlarning irodasiga bo’ysunuvchi bahaybat maxluq sifatida namoyon bo’ladi. Devlar yer osti saltanatlarida, g’orlarda, kimsasiz cho’l va dashtdagi qasrlarda istiqomat qiladi. Qasr, bog’ va hokazolar sohibining amriga itoat etib, parilarni qo’riklaydi (“Gulnor pari”, “Yunus pari”, “Misqol pari” va boshqalar). Ertak, Doston qahramonlariga qarshi yakka yoki tuda bo’lib kurashadi, ammo hamisha inson qobiliyati, aqli, kuch-qudrati qarshisida ojizlik qiladi, oqibatda yengilgan Devlar insonga bo’ysunadi va uning izmiga yuradi. Devlar osmonda uchuvchi va yerda yuruvchi ikki toifaga ajraladi. Ba’zilari tabiatan hiylagar, makkor, aldamchi va g’azabkor, boshqalari nozik san’atkor, go’zal binolar quruvchi usta, afsonaviy kuch egasi. O’zbek folklorida Ahriman, ahvon, Samandar, Okdev, qora dev, qizil dev, sariq dev (“badal Botir” va boshqalar), Arshak dev, afsar dev, Boymoq dev, yaproq dev (“Balogardon”, “Malika ayyor” va boshqalar) kabi Devlar to’dasining boshliqlari obrazi uchraydi.