DEVON DAVRI
DEVON DAVRI, devon sistemasi (Bukj Britaniyadagi Devonshir grafligi nomidan) — yer geologik tarixi paleozoy eratema (era)sining to’rtinchi davri va o’sha davrda hosil bo’lgan yotqiziklar. Silur davridan keyin (438 million yil avval) boshlanib karbon davrigacha 48 million yil davom etgan. Devon davri geologiya faniga dastlab 1839 yil ingliz geologlari A. Sejvik va R. Murchisonlar tomonidan kiritilgan. Devon davri uch bo’lim (quyi, o’rta va yuqori) va 7 yarusga bo’lingan. Rossiya Federatsiyasida Devon davrining quyi bo’limi loxkov, Praga va EMS yaruslariga; o’rta bo’limi Eyfel va jivet yaruslariga; yuqori bo’limi-Fran va Famen yaruslariga bo’lingan. Quyi Devon davrida kaledon burmalanishi sodir bo’lganligi sababli yer yuzasining ko’p qismidan dengiz chekingan. Yer yuzasida qizil rangli kontinental — Laguna yotqiziqlarining qalin qatlami hosil bo’lgan. Ayrim joylarda shiddatli vulkan otilishlari kuzatilgan. O’rta va yuqori devonda platforma va geosinklinallarda yer po’stining cho’kishidan keng maydonda dengiz transgressiyasi vujudga kelgan, so’nggida esa kuchli dengiz chekinishi bo’lib o’tgan. Terrigen (bo’lakli), karbonatli, ba’zi joylarda tuzli yotqiziqlarning qalin qatlami hosil bo’lgan. Devon davri uchun turli suvo’tlar xos bo’lib, davr boshlarida yerdagi o’simliklardan riniofitlar, keyinchalik qirqbo’g’imsimon, Plaunsimon, oddiy qirqquloqlar, yuqori devonda qirqquloq va pteridospermlar tarqalgan. Dengizlarda baliqlar, foraminifera, marjon, ostrakoda, braxiopoda, ammonoideyalar yashagan. Devon davri (sistemasi)ning bo’linishi Sharqiy Yevropa tekisligi, Kaspiybo’yi pasttekisligi va O’rta Osiyoda Devon davrida arid (quruq) iqlim, bu mintaqadan shimol va Janubda esa tropik (gumid) iqlim bo’lgan. Devon yotqiziqlari barcha materiklarda mavjud. Sharqiy Yevropa va Osiyo shimolda Devon davri jinslari katta maydonlarda tarqalgan. Platforma, mioevgeosinklinal va orogen formasiyalari farq qilinadi. Sharqiy Ural, Janubiy Tyanshan, rudali Oltoy va uzoq Sharqning yevgeosinklinal zonalarida vulkanitlar muhim rol o’ynaydi. Orogen zonalarda (Markaziy Qozog’iston, Oltoysayan oblasti) bir necha kilometr qalinlikda yer ustki (vulkan) formasiyalari (liparit, bazalt-andezit va andezit) rivojlangan. Granitoid va asos intruziyalar keng tarqalgan. O’zbekistonda Devon davri yotqiziqlari Chatqol-Qurama, Turkiston-olay tog’ sistemasida, Zarafshon, Hisor, Zirabuloq, Nurota, Sulton Uvays tog’larida va Qizilqum-Nurota regionida tarqalgan. Bu joylarda Devon davri bir qancha mahalliy svitalarga ajratilgan konglomerat, qumtosh, ohaktosh, dolomit, mergel, alevrolit, kvarsit va boshqa effuziv jinslardan iborat. Sistema yotqiziqlarining to’liq kesmasi Janubiy Tyanshanda aniqlangan. Devon davri jinslarida boshoyoqlilar, graptolitlar, ignatanlilar, elkaoyoqlilar, yumshoqtanlilar, qisqichbaqasimonlar va boshqalar uchraydi. Devon davri silur davridan hayvonot va o’simlik dunyosining o’zgarganligi bilan farq qiladi. Masalan, Devon davrida qisqichbaqasimonlar ancha kamaygan, silurda paydo bo’lgan boshoyoqlilar esa juda rivojlangan. Devon davrining boshlarida O’zbekiston hududining Janub qismi iliq suvli, uncha chuqur bo’lmagan, ko’p orolli, ayrim joylarida xarakatdagi vulkanli dengizdan iborat bo’lgan. Jivet yarusida dengiz shimolga tomon siljigan va ancha chuqurlashgan. Natijada kichik orollar suv qa’riga cho’kib, yirik orollarning yuqori qismlarigina suv ustida qolgan. Famen yarusiga kelib hoz. O’zbekiston hududining deyarli hamma joyini dengiz qoplab olgan. Bu holat quyi karbon burmspanishining bir necha fazasi bo’lib o’tgan. Uning natijasida Chatqol, Piskom, Qoratov, Qurama va boshqa tog’lar paydo bo’lgan. O’zbekistondagi Devon davri jinslarida qo’rg’oshin, mis, rux, simob va boshqa konlari bor. Xorijda Devon davri yotqiziqlarida neft va gazning katta zaxirasi Sharqiy Yevropa (Volga-Ural, Timan-Pechora, Pripyat havzalari), shimoliy Amerika (Uilliston, Illinoys, Perm, Michigan havzalari), Afrika (Sahroi Kabir — O’rta dengiz havzasi) va Avstraliya platformalarining ichki va chekka qismlaridagi strukturalarda joylashgan, osh tuzi va sulfatlarning qatlamli uyumlari (Sharqiy Yevropa, Sibir, Shimoliy Amerika va Avstraliya platformasi), kaliy tuzlari (AQSh, Ukraina), temir-marganes va qo’rg’oshin rudalari (Markaziy Qozog’iston), boksit (shimoliy Ural va Salair) konlari mavjud.