“DEVONU LUG’OTIT-TURK”
“DEVONU LUG’OTIT-TURK” (“Turkiy so’zlar devoni”) — Mahmud Koshg’ariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari (1071-72). Bu asarda 11-asrning 2-yarmida Markaziy Osiyoda va G’arbiy Xitoy hududida istiqomat qilgan turkiy urug’ va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, bu hududning geografiyasi, metrologiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirilgan. “Devonu lug’otit-turk”ning qo’lyozmasi 1914 yil Turkiyaning Diyorbakr shahridan topilgan. 319 sahifali bu qo’lyozma hozirgi Istanbulda saqlanadi. Bu nusxa “Devonu lug’otit-turk” yozilganidan salkam 200 yil keyin, ya’ni Mahmud Koshg’ariyning o’z qo’li bilan yozilgan nusxadan 1266 yilda kotib Muhammad ibn Abu Bakr ibn Fotihal-soviy aldamashqiy tomonidan ko’chirilgan. “Devonu lug’otit-turk” Arab tilida yozilgan, 8 mingdan ortiq turkiy so’zlarni to’g’ri talaffuz qilish maqsadida Arabcha harakatlar (harflardagi ost-ust ishoralar) dan foydalanilgan. Bunda, albatta, muallif ancha qiyinchilikka uchragan, chunki Arabcha harf va alif, vov, yo) ishoralari bilan turkiy tovushlarni berib bo’lmas edi. Turkiy tildagi cho’ziq va qisqa unlilar, yumshoq va qattiq tovushlar uchun Maxmud Koshg’ariy maxsus belgilar (harakatlar)ni qo’llaydi yoki so’z boshidagi cho’ziqlikni ikki alif bilan ko’rsatadi yoki 2 xil talaffuz qilinadigan so’zlarga 2 xil ishora qo’yadi: azuqluq, eritmak so’zlaridagi Z va R harflari ustiga ham kasra, ham damma ishorasini qo’ygan, demak, bu so’zlar o’sha davr talaffuz etilgan: azmqluq — azuqluq, eritmak — erutmak kabi. Arabcha harf bilan ko’rsatish mumkin bo’lmagan turkiy talaffuzni “Devonu lug’otit-turk”da izohlab, ta’riflab o’tgan. “Devonu lug’otit-turk”da, avvalo, otlar, so’ng fe’llar izohlanadi. So’zlar tartibi ularning tarkibidagi harflarning orta borishiga (2 harfdan 7 harfgacha) qarab amalga oshirilgan. Mahmud Koshg’ariy “Devonu lug’otit-turk”ga o’zi tuzgan dunyo xaritasi (dunyoning doira shaklidagi tasviri) ni ilova qilgan. Xaritada mamlakat, shahar, qishloq, tog’, cho’l, dovon, dengiz, ko’l, Daryo va hokazolarning nomlari yozilgan. Xaritaga yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Xarita, asosan, hozirgi Sharqiy yarim sharga to’g’ri keladi. Asarda 11-asrdagi shaharlar, qishloqlar, dengiz, ko’llar, turkiy qabilalar va urug’lar haqida, urug’larning ijtimoiy ahvoli, kelib chiqishi, nomlanishi, ichki urug’ va toifalari, ularning joylanishi, urf-odatlari, til xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi. Bundan tashqari, hayvonot va o’simliklari, ularning nomlanishiga to’xtalib o’tadi, astronomik ma’lumotlar, burj va muchal haqida ham ma’lumotlar bor. “Devonu lug’otit-turk”da ayniqsa qabila va urug’ tillariga oid lingvistik ma’lumotlar ancha batafsil berilgan. Bunda har so’zning ma’nolari (polisemiya, omonim, sinonim, antonim va arxaik so’zlar) chuqur tahlil qilinadi, ayrim so’zlarning etimologiyasiga to’xtalib o’tadi. Tovushlar (fonemalar)ning taxlili ancha mukammal: unli va undosh fonemalar, cho’ziq va qisqa unlilar, ularning urug’tillaridagi talaffuzi va orfografiyasi, tildagi fonetik hodisa va qonuniyatlar batafsil izohlangan. Morfologiya sohasida so’z turkumlarini, davr an’anasiga ko’ra, 3 so’z turkumiga: fe’l, ism, bog’lovchiga bo’lib, ularning yasalish va turlanish yo’llarini ko’rsatib o’tadi. “Devonu lug’otit-turk”da 250 dan ortiq maqol va matallar, o’nlab she’riy parchalar keltirilgan. V. V. Bartold “Devonu lug’otit-turk”dan o’z ilmiy ishlarida keng foydalanganini sharqshunos S. Volin ko’rsatib o’tgan. Tilshunos olim V. I. Belyaev “Devonu lug’otit-turk” haqida shunday yozadi: “biz bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan… Muallif bergan ma’lumotlar… arxeologik kashfiyotlar bu ma’lumotlarning aksariyatini isbot etmoqda”. Nemis sharqshunosi K. Brokkelman “Devonu lug’otit-turk”asarini 1928 yil nemis tiliga tarjima qildi. “Devonu lug’otit-turk” qo’lyozmasining fotonusxasi Istanbulda Kilisli Rifat (3 jildli; 1915-17) keyinchalik Besim Atalay tomonidan (3 jildli; 1939-41) turk tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. “Devonu lug’otit-turk”ning turk tilidagi keyingi qayta nashri 1957 yil amalga oshirildi. “Devonu lug’otit-turk” ikkinchi bo’lib o’zbek tiliga tarjima qilinib, muhim izoh va tafsirlari bilan 1960-63 yillari Toshkentda “fan” nashriyotida 3 jildda chop etilgan. Bu tilshunos olim, Filologiya fanlari doktori, professor Solih Mutallibovning 35 yillik mehnati natijasi edi. Ushbu nashr faqat tarjima bo’lmay, turkcha tarjimaga munosabat, baho, atamalar, shaxs nomlari, shahar va joy nomlariga izoh, va tafsir hamdir. O’zbekcha nashrining muqaddima qismida 11-asr filologlari, “Qutadg’u bilig” asari, Maxmud Koshg’ariyning lingvistik qarashlari, turkiy qabilalar, ularning shakllanishi, bu urug’ va qabilalar, tillarning hozirgi turkiy xalqlar va ularning tiliga munosabati, tarjima transkripsiyasi to’g’risida ma’lumotlar berilgan. “Devonu lug’otit-turk” O’zbekcha nashrining oxirida turkiy urug’, qabila, shaharlar va boshqalar to’g’risida batafsil ma’lumotlar bor, asarning har bir jildida havolalar berilib, unda uchragan so’z va iboralar keng ta’riflanadi, izohlanadi. O’zbekcha nashrining muhim tomonlaridan biri, uning har bir jildi asosida tuzilgan ko’rsatkichdir. Unda “Devonu lug’otit-turk”da uchragan so’zlar alifbo tarzida keltirilib, so’zning o’zbek va rus tilida tarjimasi beriladi. Mazkur so’zning “Devonu lug’otit-turk”ning qaysi betlarida uchrashi (oldin o’zbekcha, so’ng turkcha nashrlarining beti, satri) ko’rsatib o’tiladi. G’anijon Abdurahmonov.