DEVORIY RASSOMLIK

DEVORIY RASSOMLIK – bezak san’ati sohasi, bevosita bino devori, shifti, ustuni suvog’i ustidan yoki ularga mustahkamlangan mato, qog’oz va boshqalarga bo’yoqlar yordamida ishlanadigan tasvir yoki naqsh. Me’morlik bilan bog’liq va ko’pincha sof bezak xususiyatiga ega bo’lgan barcha mahobatli rassomlik asarlarini (mozaika, namoyon bundan mustasno) o’z ichiga oladi. Devoriy rassomlikda syujetli (tarixiy, maishiy, batal janrlarida), manzarali va boshqa mavzularda asar yaratishda freska, tempera, yelim rassomligi, mum rassomligi, moy-bo’yoq rassomligi va boshqalardan foydalaniladi. Eng qadimgi Devoriy rassomlik namunalari (g’or va qoyalarga ishlangan rasmlar) so’nggi paleolit davrida yuzaga kelgan. Qadimgi va o’rta asrlarda Devoriy rassomlikning nodir namunalari yaratildi. 7-8-asrlarda Markaziy Osiyo (Varaxsha, Panjakent va boshqalar) dagi ibodatxonalar, saroylar tasvirlar bilan bezatilgan bo’lsa, o’rta asrlarda musulmon mamlakatlarida naqshli mujassamotlar keng tarqalgan. Qadimgi Misr devoriy rasmlari, Xitoy (Dunxuan) va Hindiston (Ajanta)da g’or-qoyalarga ishlangan tasvirlar ajralib turgan. Yevropada esa ma’lum diniy tartiblarga moyil ko’tarinki ruhdagi Devoriy rassomlik namunalari Vizantiya, Gruziya, Bolqon, qadimgi Rusda rassomlik san’atining muhim turiga aylandi. Uyg’onish davrida Italiyada (Jotto, Mazachcho, Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo va boshqalar) grajdanlik ruhidagi chuqur realistik Devoriy rassomlik asarlari yaratildi. Roman uslubi, gotika, barokko uslublaridagi binolarda sof bezak xususiyatiga ega bo’lgan Devoriy rassomlik namunalari yuzaga kelgan, 17-18-asrlarda Devoriy rassomlik o’rnini vitraj, gobelen, oyna va boshqalar egallay boshlagan. 19-asrda Devoriy rassomlikga qiziqish ortgan. O’zbekistonda Devoriy rassomlik qadimdan ma’lum bo’lgan. Surxondaryo (Xolchayon, miloddan avvalgi 1-asr, Tuproqqal’a, 3-asr, Bolaliktepa qasri, 5-6-asrlar), Buxoro yaqini (Varaxsha saroylari, 7-asr) va Afrosiyob (7-asr) dagi Devoriy rassomlik namunalari badiiy jihatdan qimmatli. Syujetli rasmlarda o’sha davrdagi hayot lavhalari, hayvon tasvirlari, bazm, safar, qabul marosimlari, shohlarning qahramonliklari aks ettirilgan. Tarixiy qo’lyozmalarda Islom dini hukmronligi davrida naqshli mujassamotlar bilan bir qatorda syujetli Devoriy rassomlik namunalari yaratilganligi (masalan, Amir Temurning Samarqanddagi Dilkusho saroyi devorlari qahramonona jang lavhalari, tasvirlar bilan bezatilganligi) haqidagi ma’lumotlar uchraydi. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida yevropacha uslubda qurilgan binolar (Toshkentdagi Polovtsev uyi — hozirgi O’zbekistan amaliy san’at muzeyi, Samarqanddagi Kalantarov uyi — hozirgi O’zbekiston xalqlari madaniyati va san’ati muzeyi bo’limi va boshqalar) Devoriy rassomlik asarlari bilan bezatilgan. 20-asr o’rtalaridan Devoriy rassomlik yangi mazmun bilan boyidi, binolarni bezashda keng qo’llanila boshlandi. Dastlabki yirik Devoriy rassomlik namunalari Ch. Ahmarovning Navoiy teatri foyelariga Navoiy dostonlari asosida ishlagan rasmlari bo’ldi. 1950— 60 yillarda Devoriy rassomlik beqiyos darajada o’sdi (A. Gan, V. Sosedov va ayniqsa, Ch. Ahmarov samarali mehnat qildilar), takomillashdi, ajoyib devoriy rasmlar yaratildi. O’zbekistan Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, “Bahor” kontsert zali, “Alisher Navoiy” metro bekati, “Kinochilar uyi”, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va boshqa jamoat binolariga ishlangan Devoriy rassomlik namunalari badiiy jihatdan qimmatlidir. O’zbekistonda Devoriy rassomlikning keyingi taraqqiyotiga rassomlardan B. Jalolov, T. Soipov, T. Boltaboev va boshqalar, naqqoshlardan A. Ilhomov, K. Karimov va boshqalar munosib hissa qo’shmoqda.