DRAVIDLAR
DRAVIDLAR — Janubiy Hindistonda yashovchi xalqlar guruhi (telugular, tamillar, malayalilar, kannaralar, gondlar, oraonlar va boshqalar). Pokiston hamda Eron va Afg’onistonning qo’shni rayonlarida (braguylar) yashaydi. Janubiy hind irqiga mansub. Dravid tillarida so’zlashadi. Hindiston yarim orolining tub joy aholisi. Dravidlar haqidagi ilk ma’lumotlar (Upanishad, Mahabxarata) qad. hind adabiy yodgorliklarida keltiriladi. Bu esa Dravidlar oriy qabilalarining shim. Hindistonga bostirib kirguniga qadar tub aholi bo’lganini ko’rsatadi. Ba’zi tadqiqotchilar Dravidlarni miloddan avvalgi 4-ming yillikda G’arbiy Osiyodan ko’chib kelgan deb hisoblaydilar. Dravidlar tarixiy taraqqiyot davomida o’zlarining boy madaniyatlari (Xarappa madaniyati, Mohenjoda) ni vujudga keltirganlar. Dravidlar orasida hinduizm, xristianlik, Islom, tog’li va o’rmonzor rayonlarida yashaydigan aholi o’rtasida ibtidoiy diniy tasavvurlar yoyilgan. Aholining ko’pchiligi qishloqlarda yashaydi. Dehqonchilik (guruchdan yiliga ikki marta hosil olinadi, koks palmasi, choy, kofe, kauchuk daraxti), chorvachilik (qo’y, echki), hunarmandchilik bilan shug’ullanadilar.