DONIYOLBIY
DONIYOLBIY (1785) -mang’itlarning nufuzli biyaridan, otaliq. Buxoro amiri Muhammad Rahimning katta amakisi. 1758 yil 24 martda Muhammad Rahim vafotidan so’ng uning o’g’illari bo’lmagani uchun xonlik taxtiga voyaga yetmagan nabirasi Fozilto’ra o’tkazilgan, Miyonkol hokimi bo’lgan Doniyolbiy unga otaliq qilib tayinlangan. Bundan norozi bo’lgan viloyat hokimlari, kenagas, yuz, bahrin, Burqut va saroy qabilalari amirlari markazlashgan hokimiyatga qarshi isyon ko’tarib, 10 ming yigitni qurollantirib Buxoro tomon yurishgan. Ularga qarshi chiqqan Doniyolbiy isyonkor viloyat hokimlari bilan bir bitimga kelishgan. Unga ko’ra, Fozilto’rani taxtdan tushirib, o’rniga ashtarxoniy shahzodalardan bulgan Abulg’ozi xonlik taxtiga o’tqazilgan (1758— 85). Doniyolbiy ham otaliq mansabini, ham amaldagi hukmdorlikni o’z qo’lida saqlab qolgan. Doniyolbiy otaliq davrida ham o’zaro urushlar davom etib, Karmana, O’ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh kutarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. 1781 yil Rossiya hukumati Buxoro bilan savdo bitimi tuzishni taklif etganida Doniyolbiy bu bitimni 92 o’zbek qabilasi boshliqlari roziligisiz imzolay olmasligini bildirgan. Bu holat Doniyolbiy davrida Buxoro amirligidagi siyosiy markazlashuv darajasi Muxammad Rahim davridan ancha past bo’lganidan darak beradi. Bu tabiiy suratda Buxoro shahri aholisining noroziligiga sabab bo’lgan. Bundan tashqari Doniyolbiy qo’shin ta’minoti uchun ko’plab qo’shimcha soliqlar joriy etib, bu bilan poytaxtdagi hunarmandlar va savdo ahlini o’ziga qarshi qaratib qo’ygandi. 1784 yil Buxoroda qo’zg’olon ko’tarilib, unda mingga yaqin kishi o’ldirilgan. Doniyolbiy hokimiyatni shaharliklar orasida obro’-e’tibori baland bo’lgan o’g’li Shohmurod (1785— 1800) ga topshirishga majbur bo’lgan. Buxoro xonligini birlashtirish va markazlashtirish uchun kurashni Shohmurod davom ettirgan. Shohmurod Doniyolbiy joriy etgan soliqlarni bekor qilgan. Mang’itlardan bo’lgan buxorolik tarixchi Muhammad Yoqubning yozishicha: ” Doniyolbiy saxiy va muruvvatli hokim sifatida mashhur bo’lgan, lekin davlat (moliya) ishlari bilan qiziqmagan. Biron ishni boshlashdan oldin ishning ko’zini biladigan kishilar bilan maslahatlashgan”. Doniyolbiy xonlik unvonini qabul qilmagan, otaliq unvoni bilan qanoatlangan. Doniyolbiy davrida me’moriy yodgorliklardan Xalifa Xudoydod majmuasi (masjid, madrasa, Sardoba va mozor, 1777) qurilishi boshlangan.