DEPRESSIYA
DEPRESSIYA (lotincha depressio — bosilish, susayish) (iqtisodiyotda) — iqtisodiy tanglik natijasida va undan keyin boshlanadigan turg’unlik davri. Bu davrda ishlab chiqarish o’smaydi, iqtisodiy jonlanish yuz bermaydi, isheizlar soni ko’payadi, narxlar bir me’yorga kelgan bo’lsa ham tovar va xizmatlarga talab past bo’ladi. Tovar zaxiralari ko’paymaydi, uning ma’lum qismi arzon bahoda sotiladi. Arzon sotilgan mahsulotlar o’rnini qoplash uchun ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga, ish haqini pasaytirishga, mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko’riladi. Tanglikdan keyingi Depressiya iqtisodiy tanglik yakuniy bosqichga o’tganligini va iqtisodiyotda jonlanishni, so’ngra yuksalishni kutish mumkinligidan darak beradi.
DEPRESSIYA (tibbiyotda) — o’ziga ishonmaslik ruhidagi g’amginlik, tushkunlik kayfiyati, umidsizlik, tasavvurlarning bir “qolip”ga tushib qolishi, xohish-istakning kamayishi, harakatlarning chegaralanishi. Ko’pgina ruhiy kasalliklarda kuzatiladi. Surunkali o’ta toliqish, ruhiy ozor yetkazadigan sharoit (holdan toyish Depressiyasi), g’am-g’ussa (reaktiv Depressiya) Depressiyaga sabab bo’lishi mumkin. Depressiya alomatlari turlicha namoyon bo’ladi. Ba’zi turlarida fikrlash, savollarga javob qaytarish, ba’zan hatto harakat qilish qiyinlashadi. Bemor g’amgin ko’rinadi, ayni vaqtda ishtahadan qolib, ozib ketadi, yurak urishi va qon bosimi o’zgaradi, boshi og’riydi, qabziyat bo’ladi, terisi qurishib qoladi yoki ter bosadi; ayollar hayz ko’rmaydi; uyqusi buziladi; ish qobiliyati pasayadi. Depressiyaning ba’zi turlarida bemor o’zini irodasizlikda ayblaydi, kasallikka, azob-uqubatlarga duchor bo’ldim deb o’ylaydi, oilasi uchun keraksiz kishi, gunohkor deb hisoblaydi va hokazolar. Depressiya holati moddalar almashinuvining buzilishi va endokrin kasalliklar bilan birga kechadi. Depressiya bo’lgan kishi o’zini o’zi o’ldirishga urinishi mumkin, shuning uchun bemorga ko’zquloq bo’lib turish kerak. Davo kasallik alomatlariga qarab buyuriladi.