DEPUTATNING DAXLSIZLIGI

DEPUTATNING DAXLSIZLIGI – demokratiya printsipi; unga kura, davlat hokimiyati vakolatli organining deputati shu organning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. O’zbekistonda Deputatning daxlsizligi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (88 – modda) va O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to’g’risida”gi qonuni (1995 yil 6 may) bilan mustahkamlangan. Qonunga ko’ra, Oliy Majlis deputati — Oliy Majlisning, sessiyalar oralig’idagi davrda esa — Oliy Majlis Kengashining; Jo’qorg’i Kenges deputati — O’zbekistan Respublikasining butun hududida Jo’qorg’i Kengesning, sessiyalar oralig’idagi davrda esa — Jo’qorg’i Kenges raisining; viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati esa tegishli hududda tegishli Kengashning, sessiyalar oralig’idagi davrda esa — hokimning yoki hokim vazifasini ijro etuvchi mansabdor shaxsning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Oliy Majlis deputatiga nisbatan jinoiy ish faqat O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan, Jo’qorg’i Kenges deputatiga nisbatan — O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki Qoraqalpog’iston Respublikasi prokurori tomonidan; viloyat va Toshkent shahri Kengashining deputatiga nisbatan jinoiy ish tegishli viloyat, Toshkent shahri prokurori yoki yuqori turuvchi prokuror tomonidan, tuman, shahar Kengashining deputatiga nisbatan esa — tegishli tuman, shahar prokurori yoki yuqori turuvchi prokuror tomonidan qo’zg’atilishi mumkin. Oliy Majlis va Jo’qorg’i Kenges deputatini majburan keltirish, ushlash, shuningdek, uning shaxsiy buyumlarini, yuki, transport, uy-joyi yoki xizmat xonasini ko’zdan kechirishga yo’l qo’yilmaydi.