DEFEKTOSKOPIYA

DEFEKTOSKOPIYA (lotincha defectus -nuqson va Yunoncha skopeo — qarash) — material va mahsulotlarning nuqsonlari bor-yo’qligini aniqlash uchun bajariladigan tekshirish usullari va vositalari majmui. Defektoskopiyaning mavjud usullari asosida materiallarga turli xil nurlar, to’lqin va tebranishlar maydoni va boshqalar ta’sir etib, ularning fizik xossalarini tekshirish yotadi. Oddiy ko’z yoki optik asbob (masalan, lupa) bilan tekshirish Defektoskopiyaning eng oddiy usuli hisoblanadi. Nuqsonlarni aniqlash uchun fan va texnikaning boshqa sohalarida ham ishlatiladigan xilma-xil moslama va apparatlar (oddiy o’lchash asbobidan tortib rentgen qurilmalari va boshqa murakkab apparatlargacha) qo’llaniladi. Defektoskopiya yordamida mahsulotning ishga yaroqli yoki yaroqsizligi korxonalardayoq tez aniqlanadi. Defektoskopiyada mahsulotning sifatiga puturetmaydi. Defektoskopiyaning xillari: kapillyar, magnit, termoelektr, radio, infraqizil, elektrostatik Defektoskopiya, ultratovush, rentgen nuri, gamma-nur bilan o’tkaziladigan Defektoskopiya va boshqalar. Kapillyar Defektoskopiya nuqsoni bor uchastkaning nuqsoni yo’q uchastkaga nisbatan yorug’lik va rang kontrastini sun’iy ravishda oshirishga asoslangan. Magnit Defektoskopiya ferromagnit materiallardan tayyorlangan buyumlardagi nuqsonlar orqali o’tadigan magnit maydonning o’zgarishini tekshirishga asoslangan. Bunda buyumning nuqsonli qismiga magnit kukuni (5-10 mkm li zarra) sepilib, buyum magnitlanganda kukunlar nuqson bor joyga o’tiradi. Ultratovush Defektoskopiya ultratovush chastota diapazonining elastik tebranishlaridan foydalanishga asoslangan. Akssado usuli, soya, rezonans, akustik va boshqa usullari bor. Akssado usuli eng keng tarqalgan usul bo’lib, bunda buyumga ultratovush tebranishlarining qisqa impulslari beriladi; nuqsondan qaytgan akssadolarning intensivligi va vaqti qayd qilinadi. Termoelektrik Defektoskopiya turli jinslardan yasalgan ikki materialning tegishgan joyini qizdirganda berk zanjirda hosil bo’luvchi e. yu. k.ning o’zgarishiga asoslangan. Bu usulda material markasi aniqlanadi. Radio Defektoskopiya santimetr va millimeter dia-pazonlardagi radioto’lqinlarning materiallarga singuvchanlik xossalariga asoslangan. Bu usul bilan po’lat listlar, chiviqlardagi nuqsonlar, ularning diametri va qalinligi aniqlanadi. Infraqizil Defektoskopiya ko’rinadigan yorug’lik uchun noshaffof bo’lgan qo’shilmalarni sezish uchun infraqizil nurlardan foydalanishga asoslangan. Bu usul bilan ish jarayonida qiziydigan buyumlar tekshiriladi. Ultrabinafsha Defektoskopiya usulidan ham foydalanish mumkin. Elektrostatik Defektoskopiya buyumga joylashtiriladigan elektrostatik maydondan foydalanishga asoslangan. Elektr o’tkazmaydigan materiallar (chinni, shisha, plastmassa) dan, shuningdek, shunday materiallar qoplangan materiallardan yasalgan buyumlardagi yuzaki darzlar aniqlanadi. Bunda buyum sirtiga yupqa bo’r qatlami sepiladi va uning zarralari musbat zaryad oladi. Bo’r zarralari elektrostatik maydonining bir jinslimasligi natijasida darz qirralarida to’planadi. Rentgen Defektoskopiya rentgen nurlarining materiallarda turlicha yutilishiga asoslangan. Uning fotografik, vizual, kserografik, ion usullari bor. Gamma Defektoskopiya rentgen Defektoskopiyadagi fizikaviy asosga ega bo’lib, bunda turli metallar (kobalt, iridiy va boshqalar) ning radioaktiv izotoplari chiqaradigan gamma-nurlarning nurlanishidan foydalaniladi. Defektoskopiyaning ko’plab ishlatiladigan sohalari: 1) mahsulot materialining mikrostrukturasi yoki kimyoviy tarkibidagi nuqsonlarni tekshirish (yoki strukturoskopiya); 2) ko’rinmaydigan darzlarni, quyma ichidagi g’ovaklarni, payvand choklar ichidagi nuqsonlar (bo’shliq, keraksiz jinslar va hokazolar) ni aniqlash; 3) bevosita o’lchab bo’lmaydigan yoki o’lchash qiyin bo’lgan o’lchamlarning berilgan geometrik o’lchamlardan farqini aniqlash; mahsulotning himoya qoplamlari (lok, sir, har xil metall qoplamalar) qalinligini nazorat qilish, ishlov berilgan yuza tozaligini tekshirish va boshqalar.