DIFFUZION APPARAT
DIFFUZION APPARAT (diffuzor ekstrator) — maydalangan qattiq materialdan suyuqlikda eriydigan moddalarni ekstraktsiya usuli bilan ajratib oladigan apparat. Kimyo va oziq-ovqat sanoatida, asosan, qand ishlab chiqarishda keng ishlatiladi. Qand ishlab chiqarish apparatlarida maydalangan qand lavlagi yoki shakar kamishdan olingan qand moddalarni suvda ekstratsiya qilish (siqish) usulidan foydalaniladi. Diffuzion apparatning uzlukli (davriy) va uzluksiz ishlaydigan xillari bo’ladi. Uzlukli ishlaydigan Diffuzion apparat bir-biri bilan halqa tarzda biriktirilgan juft (12— 16 ta) diffuzor va shuncha oraliq isitkichlardan tashkil topgan diffusion batareyalardan iborat. U ishchilar soni ko’p bo’lishini talab qiladi. Shuning uchun uzluksiz ishlaydigan Diffuzion apparat ko’proq ishlatiladi. Tik o’rnatilgan bir va ko’p kolonnali, qiya teganali, gorizontal rotatsion Diffuzion apparat ko’p tarqalgan. Vertikal kolonnali Diffuzion apparatda maydalangan mahsulot shnek, parrakli yoki zanjirli transportyorlar bilan pastdan yuqoriga ko’tariladi va turp ko’rinishida apparatning yuqorigi qismidan solinadi. Suv esa yuqoridan pastga qarab uzluksiz oqib, turplar orasidan o’tadi va diffusion sharbat kolonnaning pastki qismidan olib ketiladi. Jarayon shu tarzda uzluksiz davom etadi.