DEHQONOBOD
DEHQONOBOD — Sirdaryo viloyatidagi shaharcha. Guliston tumaninnnt markazi. Aholisi 10,5 ming kishi (2000); asosan o’zbeklar, shuningdek, rus, ukrain, tatar, koreys, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Viloyat markazi — Gulistondan 24 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Guliston (24 kilometr). Dehqonobodda dastlab 1886 yil Rossiyaning Poltava, Tver gubernyalaridan podsho hukumati tomonidan ko’chirib keltirilgan rossiyaliklar yashagan. 1887 yildan qishloq Romanovsk deb atalgan. 1913 yil hozirgi mudofaa ishlari bo’limi binosida rus-tuzem maktabi ochilgan. 1923-92 yillarda Krestyanok posyolkasi deb atalgan. Dehqonobodda 2 umumiy ta’lim maktabi, iqtidorli bolalar litseyi, qishloq xo’jalik litseyi, sanatoriy tipidagi internat maktabi mavjud. 1997 yil respublika Badiiy akademiyaning tasviriy va amaliy san’at internat maktabi tashkil etildi. 1941-45 yillardagi urush qurbonlariga yodgorlik monumenti o’rnatilgan. 1986 yil Alisher Navoiy nomidagi madaniyat saroyi qurildi. Dehqonobodda viloyat “ona va bolalar” fizioterapiya shifoxonasi, Markaziy kasalxona, bolalar kasalxonasi, poliklinika, dorixona, 30 dan ziyod savdo, umumiy ovqatlanish va 10 dan ortiq maishiy xizmat punkti bor. Avtokorxona, 3 qurilish ko’chma kolonnasi, 2 ta’mirlash korxonasi, faoliyat ko’rsatmoqda. 1998 yil “Supermarket”, “dehqon bozori” qurib foydalanishga topshirildi.
DEHQONOBOD — Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagn shaharcha (1989 yildan). 1935 yilgacha Tangg’aram qishog’i deb atalgan. Tumanning Janubda, Boysuntov tizmasining tarmog’i Oqboshtog’ etagida joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi G’uzor — 46 kilometr. Dehqonobod hududidan kichik O’radaryo oqib o’tadi. Aholisi 7,4 ming kishi (2000), asosan o’zbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Dehqonoboddan katta O’zbekistan trakti o’tgan. O’rta maktablar, internat maktabi, 2 klub, kasalxona, dorixona, bir kancha savdo, maishiy xizmat shoxobchalari, kichik, xususiy korxonalar bor. Aholi suvni kichik O’radaryo va buloqlardan oladi.