DINAMIKA
DINAMIKA (musiqada) – 1) muayyan asarning nota yozuvida va bevosita uni ijro etishda tovushlar sadolanishi kuchi (baland-pastligi) ning o’zgaruvchanligi; 2) shu o’zgaruvchanlikni ifodalovchi belgilar majmui; 3) mazkur jarayonni o’rganuvchi ta’limot. Dinamika musiqiy ifodaning muhim vositalaridan bo’lib, xalq va professional ijod va ijrochilikda qadimdan qo’llanilib kelingan. Dinamika atamasi ilk bor shveytsar musiqa o’qituvchisi X. Negeli tomonidan (1810) joriy etilgan degan taxmin bor. Dinamikaning eng aniq, ya’ni kuchli, baland — forte, fortissimo; kuchsiz, past, sekin — piano, pianissimo (r, RR) va b. turlari qo’llaniladi. Shu bilan birga, muayyan Dinamikadan boshqasiga asta-sekin o’tib boruvchi (sadoning kuchayishi — crescendo, sadoning pasayishi — diminuendo, va boshqalar) turlari ham joriy etiladi. Ijodiy amaliyotda butun bir asarni muayyan Dinamika xususiyatlariga izchil tayanib yaratish misollari uchrab turadi. Masalan, O. Lassonit “aks sado” xori “r” larning qarama-qarshiligiga, M. Ravelning “Bolero” simfonik manzarasi sadolanishining “RR”dan izchil kuchayishi, ya’ni Dinamikaning asta-sekin orta borishi va crescendo orqali o’z avjiga ko’tarilishiga asoslangan.
DINAMIKA (Yunoncha dynamis — kuch) — mexanikannng jismlar mexanik harakatini ularga ta’sir qiladigan kuchlar bilan bog’lab o’rganadigan bo’limi. Dinamikada statikaning murakkab kuchlar sistemasini sodda holga keltirish qonuniyatlaridan va kinematikadagi harakatni ifodalash usullaridan keng foydalaniladi. Dinamikaning bevosita vazifasi berilgan (qo’yilgan) kuchlar bo’yicha harakatni aniqlash, agar harakat ma’lum bo’lsa, jismga qo’yilgan kuchlarni topishdan iborat. Odatda, Dinamika deganda yorug’lik tezligidan ancha kichik tezlikda harakatlanayotgan har qanday moddiy jismning harakatini o’rganadigan an’anaviy (klassik) Dinamika tushuniladi. O’rganiladigan ob’yektning xossalariga qarab: 1) moddiy nuqta va moddiy nuqtalar sistemasi Dinamikasi; 2) qattiq jism Dinamikasi; 3) o’zgaruvchan massali jism Dinamikasi; 4) elastik yoki plastik deformasiyalanadigan jism Dinamikasi; 5) suyuqlik va gaz Dinamikasi (masalan, gidrodinamika, aerodinamika, gaz dinamikasi) bo’ladi. Dinamikada avval moddiy nuqtaning harakat qonunlari aniqlanadi, so’ngra moddiy nuqtalar sistemasi uchun bu qonunlar umumlashtiriladi, massa jismlarning moddiy ifodasi sifatida qaraladi. Dinamika asosini Nyutonning mexanika qonunlari tashkil qiladi. Dinamikada ikkita birliklar sistemasi ishlatiladi: 1) fizik sistema [uzunlik birligi (1 metr), vaqt birligi (1 sekund), massa birligi (1 kilogramm-massa) olinadi]; 2) texnik sistema [uzunlik, vaqt birligi va kuch birligi (1 kilogramm-kuch)]. Dinamikada moddiy nuqtalar va sistemalarning harakati Nyutonning qonunlari asosida tuzilgan differentsial tenglamalar asosida aniqlanadi. Dinamikada moddiy nuqta tebranma harakatini tekshirish uchun differentsial tenglamalardan foydalaniladi va harakat qonunlari keltirib chiqariladi. Bundan tashqari dinamikada harakatni tekshirish uchun nisbatan soddalashtirilgan uch xil usul ham keltiriladi. Bular Dinamikaning umumiy teoremalari degan nom bilan kiritilgan. Amalda Dinamikaning quyidagi umumiy teoremalari juda keng tatbiq qilinadi: 1) sistema harakat miqdorining o’zgarishi haqidagi teorema: sistema harakat miqdori differentsiali tashqi kuchlar elementar impulslarining geometric yig’indisiga teng. Bu teorema suyuqliklar harakatini tekshirishda, zarba nazariyasida, reaktiv harakatlar nazariyasida keng tatbiq qilinadi; 2) sistema kinetik momentining o’zgarishi haqidagi teorema: sistemaning biror o markaziga nisbatan kinetik momentining vektori uchining tezligi sistemaga qo’yilgan tashki kuchlarning shu nuqtaga nisbatan bosh momentiga teng. Bu teorema giroskoplar nazariyasida, zarba nazariyasida, sayyoralar harakatini tekshirishda, turbinalar nazariyasida keng tatbiq qilinadi; 3) sistema kinetik energiyasining o’zgarishi haqidagi teorema: sistemaning ixtiyoriy siljishidagi kinetic energiyasi o’zgarishi ichki va tashqi kuchlarning shu siljishda bajargan ishlari yig’indisiga teng. Sistemaga potentsial kuchlar qo’yilsa, sistema kinetik va potentsial energiyalarining yigindisi o’zgarmay qoladi. Kinetik energiyaning o’zgarish tezligi barcha ichki va tashki kuchlar quvvatlari yig’indisiga teng. Dinamikada umumlashgan koordinatalar va umumlashgan kuchlar tushunchalari kiritilib, kinetik energiyani bu yangi koordinatalarda ifodalash uchun Lagranj ikkinchi tur tenglamalari keltirib chiqariladi. Harakatni tadqiq qilishning umumiy usullaridan tashqari Dinamikada bir qator xususiy masalalar: giroskoplar nazariyasi, mexanik tebranishlar nazariyasi va boshqalar ham o’rganiladi. Dinamika usullarining ayrim sohalarga tatbiq qilinishi tufayli osmon mexanikasi, tashqi ballistika, samolyotlar dinamikasi, raketalar dinamikasi kabi sohalar paydo bo’ldi. Ad.: O’razboev M ., T., Nazariy mexanika asosiy kursi, 3-nashr, T., 1966; Rashidov T. R., Shoziyotov Sh., Mo’minov K. B., Nazariy mexanika asoslari (darslik) T., 1990. Tursun Rashidov, Qudratilla Latipov.