DINGILJA

DINGILJA — Qoraqalpog’istonning To’rtko’l shahridan 15 kilometr shimoli-Sharqda joylashgan turar joy xarobasi (miloddan avvalgi 5-4-asrlar). Dingilja deb nomlanishi ilk o’rta asr davriga mansub qal’a nomidan olingan. Dingiljani S. P. Tolstoe rahbarligidagi Xorazm arxeologiya va etnografiya ekspeditsiyasi ochgan (1955). Turar joy qalin devor bilan o’ralgan bir-biriga tutash mayda uylar, hovli va xo’jalik binolaridan iborat, mayd. 2600 metr kvadrat. Bu yerda bir uruqqa mansub patriarxal oilalar istiqomat qilgan. 17 uy-joy va xo’jalik binolari hamda bir necha ustaxona ochib tekshirilgan. Uylar to’g’ri burchakli qilib qurilgan. Binokorlik san’atidagi xususiyatlar hoz. Xorazm xalq me’morligi uslublariga yaqin. Ustaxonalardan yo’nuvchi o’tkir tosh qurollar, qimmatbaho ziynat buyumlarini pardozlaydigan asboblar, ishlov berilmagan Feruza, sadaf va billur, marjon (Feruza va billurdan) lar xamda boshqa ashyolar topilgan. Dingiljada temir o’roq va yorg’uchoq mavjudligi aholining dehqonchilik bilan keng shug’ullanganligini ko’rsatadi. Qazilmalar orasida jezdan yasalgan yoy o’qining uchlari va sopol idishlar (katta xumlar, lentasimon naqshli xumchalar, qizil rangli kosalar, tsilindr shaklidagi qadahlar, oyoqchali guldonlar) ko’p uchraydi. Dingilja yodgorliklari o’sha joyda yashagan qabilalar hayotida yuz bergan ijtimoiy o’zgarishlarni o’zida aks ettiradi va qadimgi Xorazm madaniyatini o’rganish uchun muhim manba hisoblanadi.