EYLATON
EYLATON, shahri Xaybar — ilk temir davriga oid arxeologik yodgorlik (miloddan avvalgi 6-3-asrlar). Andijon viloyati Izboskan tumanidagi shu nomli qishloq hududida joylashgan. Yodgorlik 1932 yil aniqlangan bo’lib, shu kungacha B.A.Latinin, Yu.A. Zadneprovskiy, T. G. Oboddueva, S. Kudratovlar arxeologik qazishmalar o’tkazganlar. Tekshirishlarga ko’ra, Eylaton maydoni 200 gektar bo’lib, tashqi mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Tashqi Eylaton atrofidagi dala va to’qayzorlardagi dehqonlar hamda chorvadorlar uchun xavfxatar paydo bo’lganda bir panagoh vazifasini bajargan. 20 gektarga teng bo’lgan Ark maydoni ham kuchli devor bilan himoyalangan. Mudofaa devorlari ma’lum reja asosida g’isht va guvalalardan qurilgan. Devorlarning saqlangan eni 4 metrga, balandligi 2,5 metrga boradi. Mudofaa devorlari bo’ylab har 55— 60 metrda buris (mo’la) bo’lgan. Burjlar to’rtburchak shaklda bo’lib (o’lchamlari 10,5×10 metr), umumiy devordan oldinga chiqib turadi. Bu esa ulardan turib har qanday sharoitda shaharga hujum qilayotgan dushmanni aniq mo’ljalga olishga imkon beradi. Uy-joylar paxsadan, ba’zida xom g’ishtlardan tiklangan va bitta oila yashashi uchun mo’ljallangan. Yashash xonasidan tashqari yordamchi xo’jalik majmuasi: o’ralar, maydonlar va o’choqlar topilgan. Eylatonni ma’lum reja asosida, juda mukammal qurilgan ilk shahar va o’z zamonasining yirik me’moriy muhandislik obidasi deyish mumkin. Eylaton hunarmandlar shahri bo’lgan. Unda kulolchilik, to’qimachilik va qisman temirchilik rivojlangan. Qazishmalar paytida sopol idishlar pishiradigan 2 xumdon (3,3×3,5 metr) topilgan. Idishlar xillari, toshqol va ko’plab sopol idishlar parchalariga qaraganda ular kulolchilikda charhdan foydalana boshlagan. Eylaton Farg’ona vodiysida ushbu davrning iqtisodiy, savdo va ma’muriy boshqaruv markazi bo’lgan. Boqijon Matboboyev.