EKVADOR

EKVADOR, Ekvador Respublikasi — Janubiy Amerikaning shimoliy g’arbiy qismidagi davlat. Maydoni 283,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 13,447 million kishi (2002). Poytaxti — Kito shahri Ma’muriy jihatdan 21 provintsiya (rgouyu1a) ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Ekvador — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1998 yil 10 avgustda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (2005 yil apreldan Alfredo Palasio), u 4 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy Kongress (1 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni prezident va u tomonidan tayinlanadigan hukumat amalga oshiradi; prezident hukumatga ham boshchilik qiladi. Tabiati. Ekvador ekvatorda joylashgan. Shimolda Kolumbiya, Janub va Sharqda Peru bilan chegaradosh. G’arbda tinch okean suvlariga tutash. Tinch okeandagi Galapagos orollari ham Ekvadorga qaraydi. Ekvador hududi tabiiy jihatdan 3 qismga bo’linadi: Orente (tog’oldi tekisliklar), Serra (And tog’ligi) va Kosta (tog’ etagi va Guayas vodiysi pasttekisliklari). Kordilera tog’larining ichki yon bag’irlarida so’ngan (Chimboraso — Ekvadorning eng baland nuqtasi, 6262 metr) va harakatdagi (Kotopaxi va boshqalar) vulkanlar bor. Asosiy foydali qazilmalari: neft, tabiiy gaz, oltin, kumush, oltingugurt, toshko’mir, marganes, mis va polimetall rudalari. Iqlimi Orenteda ekvatorial, Serrada tog’ekvatorial, Kostada subekvatorial iqlim. O’rtacha oylik temperatura Kito (2800 metr balandlik) da 13°, Janubda 23° dan 27° gacha. Yillik yog’in 100 millimetrdan (Janubda) 6000 millimetrgacha (And tog’larining Sharqiy yon bag’irlarida). Yirik daryolari: Guayas, Putumayo, Napo, Tigro. Hududining 75% o’dshon (asosan, nam tropik o’rmon). Urmonlarda ayiq, yaguar, yovvoyi mushuk va boshqa sut emizuvchi hayvonlar yashaydi. Ilon, toshbaqa, echkemar, dengiz iguanasi, timsoh, qush ko’p. Tuproqlari podzollashgan qizil, tog’ o’tloq va allyuvial tuproq. Galapagos, Kotopaxi, Sangay va boshqalar milliy bog’lari bor. Aholisining 40% indeyslar (asosan, kechua) va 40% ga yaqini ispan-indeys metislari, qolganlari oq tanlilar. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Shahar aholisi 62%. Muhim shaharlari: Kito, Guayakil, Kuenka. Tarixi. Ekvador hududida qadimdan 16-asr boshlariga qadar indeys qabilalari yashagan. 15-asr oxirida inklar zabt etgan. 1526 yil Ekvador sohiliga ispan konkistadorlari kelib o’rnashdi. 1531-33 yillarda F. Pisarro boshchiligidagi konkistadorlar ekspeditsiyasi Ekvador hududini egallab oldi. 16-asrning 40-yillarida aholining ispanlarga qarshi qo’zgolonlari bo’lib o’tdi. 1563— 1739 yillarda Ekvador Kito audensiyasi nomi bilan Peru vitseqirolligi, 1739-1822 yillarda Yangi Granada vitseqirolligi tarkibida. 1809 yil aholining mustaqillik uchun harakati avj oldi. 1822 yil Ispaniya mustamlakachiligi tugatildi. 1830 yil maygacha Kito viloyati nomi bilan Buyuk Kolumbiya tarkibida bo’ldi. 1830 yil mustaqil davlatga aylandi va Ekvador Respublikasi deb nomlandi. 2-jahon urushi yillari (1939-45) Ekvador fashistik blokdagi davlatlar bilan munosabatlarni uzdi. 1944— 46 yillar hokimiyatga turli partiya va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat hukumat boshchilik qildi. 1972 yildagi davlat to’ntarishidan so’ng harbiy hukumat mamlakat suverenitetini himoya qilish, iqtisodiyotda davlat sektorini mustahkamlash siyosatini olib bordi. 1979 yildan hokimiyatga fuqarolik hukumati boshchilik qilib kelmoqda. 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 2 yanvarda tan olgan. Milliy bayrami — 10 avgust — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1809). Asosiy siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. So’l demokratik partiya, 1977 yil tuzilgan; demokratik partiya, 1979 yil asos solingan; Ekvador Kommunistik partiyasi, 1926 yil tashkil etilgan; Konservativ partiya, 1855 yil tuzilgan; Xalq demokratik partiyasi, 1978 yil asos solingan; radikal Liberal partiya, 1878 yil tashkil etilgan; Sotsial-xristian partiya, 1951 yil tuzilgan. Ekvador mehnatkashlari konfederatsiyasi, 1944 yil asos solingan; mehnatkashlarning Birlashgan fronti, 1971 yil tashkil etilgan; Ekvador sinfiy tashkilotlar konfederatsiyasi, 1938 yil tuzilgan; Ekvador erkin kasaba uyushma tashkilotlari konfederatsiyasi, 1962 yil asos solingan. Xo’jaligi. Ekvador — yirik neft sanoatiga ega bo’lgan agrarindustrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq, o’rmon xo’jaligi va baliq ovlash 16,8%, neft va kon sanoati 14,5%, qayta ishlash sanoati 15,3% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligida dehqonchilik yetakchi tarmoq. Ekvador — banan yetishtirish va eksport qilish bo’yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri (yiliga o’rtacha 5,32 million tonna hosil yig’ib olinadi). Shuningdek, kofe, kakao o’stiriladi. Shakarqamish, paxta, sholi, kartoshka, makkajo’xori, bug’doy, soya, tamaki ekiladi. Chorvachilikda qoramol, qo’y, cho’chqa, parranda boqiladi. Hududiy suvlaridan – baliq, krevetka, languot ovlanadi. O’rmonda qimmatbaho daraxtdan yog’och tayyorlanadi, geveya daraxtidan kauchuk olinadi. Sanoatining yetakchi tarmog’i — neft qazib olish; tabiiy gaz, mis va qo’rg’oshin rudalari, oltin, ku^mush, oltingugurt ham qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 8,2 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Neftni qayta ishlash, oziq-ovqat, to’qimachilik, ko’npoyabzal, yog’ochsozlik, tsellyulozaqog’oz, tsement korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Temir yo’l uzunligi 0,97 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 43,1 ming kilometr. Dengiz savdo flotining tonnaji 504 ming tonna dedveyt. Yirik portlari: Guayakil, Balao, Esmeraldas. Kito va Guayakidda xalqaro aeroportlar bor. Ekvador chetga neft va neft mahsulotlari, banan, krevetka, kofe, baliq, kakao, shakar chiqaradi. Chetdan sanoat xom ashyosi va yarim fabrikatlar, mashina va jihozlar, qog’oz, karton, oziq-ovqat oladi. Tashqi savdoda AQSh, Lotin Amerikasi mamlakatlari, Yaponiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — AQSh dollari. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Ekvadorda vrachlar 5 tibbiyot oliy maktabida tayyorlanadi. Mamlakatda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy bepul ta’lim joriy etilgan. Boshlang’ich va o’rta maktablarda o’qish muddati 12 yil (boshlang’ich maktabda 6 yil, o’rta maktabda 6 yil). Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham faoliyat yuritadi. O’rta maxsus o’quv yurtlari, 20 oliy o’quv yurti bor. Yiriklari: Kito shahrida Markaziy va katolik untlar, Kuenka shahridagi universitet Ekvador akademiyasi, Kito shahridagi tibbiyot fanlari akademiyasi va 20 dan ortiq ilmiy muassasa va jamiyatlarda ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi. Kutubxonalari: Markaziy universitet, Kito shahridagi milliy va munisipal, Kuenka shahridagi universitet va munisipal kutubxonalar. Muzeylari: mustamlaka san’ati muzeyi, shahar san’at va tarix muzeyi, arxeologiya va etnografiya muzeyi, antropologiya muzeyi, geologiya muzeyi (hammasi Kito shahrida). Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi Ekvadorda bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: “Bandera Roxa” (“qizil bayroq”, nazariy jurnal, 1940-yillarda asos solingan), “Vistaso” (“Sharq”, 1 oyda 2 marta chiqadigan jurnal, 1957 yildan), “Komersio” (“savdo”, kundalik gazeta, 1906 yildan), “Letras del Ekuador” (“Ekvador adabiyoti”, oylik adabiy jurnal, 1944 yildan), “oy” (“bugun”, kundalik gazeta, 1982 yildan), “Pueblo” (“Xalq”, haftalik gazeta, 1946 yildan), “Ultimas Notisias” (“so’nggi xabarlar”, kundalik oqshom gazeta, 1938 yildan), “Universo” (“Koinot”, kundalik gazeta, 1921 yildan), “Ekspreso” (“Ekspress”, kundalik gazeta, 1973 yildan). Ekuapress, davlat axborot agentligi, 1982 yil tashkil etilgan. “Asosiason ekuatoriana de radiodifuson”, radiostyalar uyushmasi. 300 ga yaqin tijorat radio stansiya faoliyat yuritadi. Bir qancha tijorat televidenie xizmati, jumladan, “Korporason ekuatoriana de Televison” (1967 yil tuzilgan) xizmati mavjud. Adabiyoti ispan tilida rivojlanmoqda. Mustamlakachilik davri (16-asr boshi — 19-asr boshi) da tarixiy va diniy asar hamda she’rlar yaratildi. Mustaqillik uchun urush yillari “xunin davridagi g’alaba. Bolivarga qo’shiq” odasi muallifi X.X.Olmedo samarali ijod qildi. 19-asrning 30-yillaridan asr oxirigacha nasrda romantizm hukmronlik qildi (X.L.Merining “Kumanda” romani, 1825). 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida she’riyat modernizm ruhida rivojlandi, nasrda naturalizm ta’siri sezildi. X.Ikas va 20-asrning boshqa yozuvchilari irqiy kamsitish sharoitida indeys va metislarning ijtimoiy fojiasini aks ettirdilar. X. dela Kuadra, X. Galegos Lara, E.Xil Xilbert, A.Parexa Dieskanseko, D.Agilera Malta, P.X.Vera va boshqalar yozuvchilar, X.Karrera Andrade, X.E.Adoum va boshqalar shoirlar o’z asarlarida xalqning haqqoniy turmushini, uning ijtimoiy ziddiyatlarini keng yoritdilar. Me’morligi va tasvnriy san’ati. Ekvador indeyslarining qadimiy san’ati Peruning taraqqiy etgan madaniyati bilan bog’liq (kulollik, haykalchalar, metall buyumlar, Sharqiy rayonlarda tosh istehkomlar). 16-asrdan Ekvadorda shaharlar barpo etila boshladi. 17— 18-asrlarda binolarbarokko uslubida qurildi (me’mor A.Rodriges), ular mahalliy an’anaviy chiroyli o’yma naqshlar bilan bezatildi. Diniy mazmundagi rang-tasvir (N.X. de Gorivar) va haykaltaroshlik (indeys M.Inli, 18-asr) o’ziga xos. 20-asrning o’rtalaridan hozirgi zamon me’morligi rivojlana boshladi. O.Guayasamin, E. Kingman, D.Paredes kabi rassomlar mehnatkash xalq, asosan, indeyslar turmushini aks ettirdilar. Ekvadorda kulollik, to’quvchilik, niqoblar yasash, kumushdan buyumlar ishlash, tosh va yog’och o’ymakorligi rivojlangan. Musiqasi. Ekvador xalq musiqasi (kreol va indeys) Boliviya, Peru, shim.G’arbiy Argentina musiqalarining ajralmas qismi sifatida rivojlanib kelmoqda. 19-asrdan professional musiqa shakllandi (kompozitor A.Baldeon va boshqalar). 1870 yil Kito shahrida Milliy konservatoriya ochildi. 19-asr 2-yarmida kompozitor va musiqashunos P.Traversari, kompozitor va folklorshunos S.L.Mareno, 20-asr 2-yarmida kompozitorlar S.M.Duran, aka-uka L. va G. Salgado mashhur bo’lgan. Kito va Kuenka shahrilarida konservatoriyalar bor.