EHTIMOLLAR NAZARIYASI
EHTIMOLLAR NAZARIYASI — biron bir tasodifiy hodisalarning ro’y berish ehtimoliga ko’ra ular bilan qandaydir tarzda bog’langan boshqa tasodifiy hodisalarning ro’y berishi ehtimollarini topish bilan shug’ullanadigan matematika sohasi. Biror hodisaning ro’y berish ehtimoli, masalan, teng ekanligi uncha ahamiyatli emas, chunki odam ishonchli natijaga erishishni xohlaydi. Shu nuqtai nazardan biron bir A hodisa ro’y berish ehtimoli 1 ga ancha yaqinligi (yoki ro’y bermaslik ehtimoli 0 ga yaqinligi) haqidagi xulosalar katta ahamiyatga ega. Bunday hodisa amalda muqarrar ro’y berishi ishonchli bo’lgan hodisa deb hisoblanadi. Ham ilmiy, ham amaliy ahamiyatga ega bo’lgan bunday hodisalar, odatda A hodisa ko’p sonli tasodifiy, bir-biri bilan sust bog’liq bo’lgan omillar ta’sirida ro’y beradi yoki bermaydi, degan farazga asoslanadi. Shuning uchun Ehtimollar nazariyasini ko’p sonli tasodifiy omillarning o’zaro ta’siridan paydo bo’ladigan qonuniyatlarni aniqlaydigan va o’rganadigan matematika bo’limi deyish mumkin. Tabiatshunoslikda muayyan shartlar majmui 5 bilan shu shartlar bajarilganda ro’y berganini yoki ro’y bermaganini aniq aytish mumkin bo’lgan A hodisa orasidagi bog’lanish qonuniyatini bayon etishda quyidagi 2 sxema ishlatiladi: 1) shartlar majmui 5 bajarilgan har bir holda A hodisa ro’y beradi. Masalan, klassik mexanikaning qonunlari boshlang’ich shartlar va jismga ta’sir etuvchi kuchlar berilganda jism harakati bir qiymatli aniqlanishini tasdiqlaydi; 2) shartlar majmui 5 bajarilganda A hodisa ma’lum R(A/5)=r ehtimol bilan ro’y beradi. Masalan, radioaktiv nurlanish qonunlari har bir radioaktiv modda uchun berilgan vaqt oralig’ida bu modda N ta atomi emirilishining ma’lum ehtimoli borligini tasdiqlaydi. Ikkinchi sxema bilan ifodalanuvchi qonuniyatlar statistik qonuniyatlar deyiladi. Tug’ilish va o’lim bilan bog’liq statistik qonuniyatlari ham (masalan, o’g’il tug’ilishi ehtimoli 0,515 ekanligi) avvaldan ma’lum. 19-asr oxiridan boshlab fizika, kimyo, biologiya va boshqalar fanlarda ko’plab statistik qonuniyatlar kashf etiladi. Turli sohalardagi statistik qonuniyatlarni Ehtimollar nazariyasi usullari bilan o’rganish hodisalarning ehtimollari hamma vaqt ba’zi oddiy munosabatlarni qanoatlantirishga asoslangan. Shu oddiy munosabatlar asosida hodisalarning ro’y berish ehtimollari xossalarini o’rganish Ehtimollar nazariyasi predmetini tashkil qiladi. O’zbekistonda Ehtimollar nazariyasi 20-asr 20-yillaridan boshlab V.I.Romanovskiy tashabbusi va bevosita ishtiroki bilan rivojlana boshladi. T.A.Sarimsoqov, S.X. Sirojiddinov, T.A. Azlarov, Sh.K. Farmonov, A.N. Nagaev, N.U. G’ofurov, T.M. Zuparov kabi olimlarning Ehtimollar nazariyasiga oid tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika matematikaning eng taraqqiy etgan tarmoqlaridan biridir. Ad.: Gneden ko B.V., Kurs teorii veroyatnostey, 5 izd., M., 1969; Proxorov Yu.V., Rozanov Yu.A., Teoriya veroyatnostey, 2 izd., M., 1973; Feller V., Vvedenie v teoriyu veroyatnostey i eyo prilojenie. Per. s ang. 2 izd., M., 1967; Sarmmsakov T.A., Osnovi teorii prosessov Markova, M.,. 1951; Sirajiddinov S.X., Predelnme teoremn dlya. odnorodnix tsepey Markova., T., 1955; Sirajiddinov S.X., Azlarov T.A., Zuparov T.M., Additivnme zadachi s rastuvdim chislom slagaemmx, T., 1975. Tursun Azlarov.