EFIR
EFIR (Yunoncha) — yunon afsonasiga ko’ra, Olimp tog’i cho’qqisi yetgan va Olimp xudolari makoni hisoblangan eng yuqori yengil va shaffof havo qatlami. Yunon shoiri Gesiodning “Teogoniya” asari bo’yicha Efir go’yo Ereb (yer osti zulmati) va Nikta (tun) ning oqibati; boshqa rivoyatga ko’ra, Efirning Gemera (kun) bilan birlashishidan yer, havo, dengiz, okean va Tartar (yer qa’ri) paydo bo’ladi. Qadimgi tasavvurga ko’ra, Efir (olam efiri, yorug’lik efiri) hamma narsaga va hamma yerga “kira oluvchi” nozik muhit. Yer, suv, havo va olov bilan birga Efir mavjudot elementlaridan biri (Aristotel) — “kvintessentsiya”. Qadimda bu muhitga yorug’lik va umuman elektromagnit o’zaro ta’sirini tarqatish vositasi deb qaralgan. A. Eynshteyn yaratgan nisbiylik nazariyasiga ko’ra, Efir yo’q narsa hisoblanadi. Hozirgi fan nuqtai nazaridan fizik vakuum oddiy moddiy muhitning ba’zi xossalariga ega. Biroq, uni Efir bilan chalkashtirib yubormaslik kerak, chunki, masalan, elektromagnit maydon maxsus eltuvchi muhitga muhtoj bo’lmagan mustaqil fizik ob’yekt hisoblanadi.