ELBARSXON

ELBARSXON (?-1516) Xorazmdagi Shayboniylar sulolasi asoschisi (1511 — 16). Burka sultonning o’g’li. Eronlik bosqinchilarga qarshi kurash olib borayotgan vazir shahri aholisi tomonidan Dashti Qipchoqdan taklif etilib taxtga o’tkazilgan. Elbarsxon Dashti Qipchoqdan chaqirtirilgan qarindosh urug’larining harbiy lashkarlari yordamida Urganch, Xiva, Hazorasp va Katdan eroniy qo’shinlarni quvib chiqargan. Bolxon va Mang’ishloqdagi turkman qabilalarini tobe etgan. Elbarsxon davlati bir necha qismga taqsimlanib, ularning tepasida o’zaro nizoda bo’lgan xon qarindoshlari turgan.

ELBARSXON (?-1739.27.11) Xiva xoni (1728-39). Shohniyozxon o’g’li. Elbarsxon davrida mamlakatda ichki nizolar davom etgan. 1736 yil Sherg’ozixonning katta o’g’li Erg’ozi Sulton Shohobodda unga qarshi kurash boshlagan. Xonlikdagi mang’itlar va qoraqalpoqlar ham bosh ko’targan. Elbarsxon ularga qarshi kurash bilan bir qatorda qo’shni davlatlar hududiga ham chopqunlar uyushtirgan. 1736 yil Elbarsxon 3 ming turkman askarlarini chin Vakil yovmut boshchiligida Xurosonga jo’natgan. Bu qo’shin Mand tekisligi va Olatog’atrofida qizilboshlilar qo’shini ustidan zafar qozonib, katta o’lja bilan qaytgan. Bu paytda Nodirshoh Shemaxani bosib olib Ganjada turgan edi. 1738 yil Nodirshohning o’g’li Rizoquli Mirza Balxni egallab, Movarounnahrga yurish boshlagan. Buxoro xoni Abulfayzxon Elbarsxondan ko’mak so’ragan. Elbarsxon katta qo’shin bilan Buxoroga otlangan, biroq yo’lda Abulfayzxonni qizilboshlilar bilan sulh tuzganidan voqif bo’lgach, orqaga qaytgan. 1739 yil Fevralda Elbarsxon o’zbek va turkmanlardan tashkil topgan qo’shin bilan Xurosonga yurish qilib, Niso va Obivard atrofini talon-toroj qilib Xivaga qaytgan. 1739 yil oktyabrda Nodirshoh Buxoroni olib, Xivaga qo’shin tortgan. Tuyamo’yin, Pitnak, Hazoraspda xivaliklar mag’lub bo’lgan. Eron qo’shini Xonqani 7 kunlik qamaldan so’ng egallagan, Elbarsxon va uning 20 ta amiri asir olingan. Nodirshoh ularni qatl ettirib, Xivaga yurish qilgan va 3 kunlik qamaldan so’ng uni bosib olgan. Ad.: Materialn po istorii kazaxskix xanstv XV-XVIII vv., AlmaAta, 1969.