ABU BAKR SHOSHIY

ABU BAKR SHOSHIY, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn al-Husayn ibn Umar al-Imom al-Kabir, faxr ulislom (1038, Shosh — 1114, Bag’dod) — fiqhshunos. Fiqh ilmini Bag’dodda Muhammad ibn bayon alkazruvniy, Qozi Abu Mansur atTusiy, Shayx Abu Muhammad al-Juvayniy, Abu Nasr as Sibog’lardan o’rgangan. Shayx Abu Ishoq Sheroziyning yaqin shogirdi bo’lgan, keyinchalik ulug’Imom (al-Imom al-Kabir) darajasiga etgan va Islom faxri (faxr ul-Islom) sifatida el-yurt orasida Shuhrat qozongan. Abu Bakr Shoshiy Bag’doddagi “Nizomiya” madrasasida mudarrislik qilib, ko’p shogirdlar etishtirgan. Fiqh ilmiga oid “Hilyat al-ulamo Fi mazohibi al-fuqaho” (“faqihlar mazhablarida olimlar ziynati”) asari mashhur. Asar xalifi Mustazhirga bag’ishlangan. Olim ushbu kitobiga sharh sifatida “al-mu’tamad” (“ishonchli”) asarini yozgan. Shuningdek, allomaning fiqhshunoslikka oid yana bir yirik asari “ash-Shofiy” (“shifo beruvchi”) bo’lib, u Arab olimi al-Muzaniy (791-878) ning “al-muxtasar” (“qisqacha”) asari sharhiga oid. Ushbu sharh 20 jilddan iborat bo’lib, Abu Bakr Shoshiy uni 5 yil davomida yozib tugatgan. Allomaning “Ash-Shofiya shahobchasining ustuni”, “taloqqa oid masala” kabi asarlari ham bo’lgan. Abu Bakr Shoshiy Arab adabiyoti, grammatikasi, she’riyati va tilshunosligi hamda Qur’on, hadis ilmlarini ham puxta egallagan. Bag’doddagi “bob al-Sheroz” maqbarasiga dafn etilgan.