ARAB MUSIQASI
ARAB MUSIQASI — arablar musiqa madaniyati. Tarixiy ildizlari badaviy qabilalarning madaniy an’analari bilan bog’liq. Qabila shoiri o’z she’rlarini qo’shiq shaklida, musiqiy ohanglarda ijro qilgan. Ko’p musiqaviy she’riy janrlar kundalik hayotiy-maishiy sharoit, oilaviy va diniy marosimlar bilan bog’liq holda shakllangan: motam qo’shiqlari — navx, marsiya, hajviy — hija, nasihat — hikma, diniy marosim qo’shiqlari — saj az-zar va boshqalar. Arab musiqasining mazkur eng oddiy turlari asosida 6-asr oxiri — 7-a.sr boshlarida shaklan murakkabroq, mavzu jihatidan boyroq aytim janrlari — nasb, sinad, hazaj, Xanafi, ximyari, rukbani, hamriyat va boshqalar vujudga kelgan. Islomgacha bo’lgan (Johiliya davri) Arab musiqasi, asosan, “qiyan” deb atalmish professional qo’shiqchi ayollar ijodida rivojlandi. Bunda Arab bo’lmagan (Ajam) xalqlardan chiqqan qo’shiqchilarning hissasi katta. 7-asr boshlarida Sosoniylar davlatining siyosiy va madaniy ta’siri kuchayishi bilan Arabiston yarim orolida Markaziy Osiyo va Eron musiqiy an’analari keng tarqalgan. Musiqa ijrochiligida Arabiston, Markaziy Osiyo, Eron xalqlarining torli musiqa asboblari —mizhar, barbat, Muvattar, tanbur, vann, rubob, Kiron, chang (sanj), puflama sozlari — nay, surnay, mizmar, urma cholg’ular — Tabla, dalib, Daff, darabukka keng tarqalgan. 7-asrda Arab qabilalarining birlashuvi, Islom dinining qabul qilinishi va ilk Arab davlati (xalifalik) yuzaga kelishi Arab madaniyatining o’sishiga sabab bo’lgan. Azon aytish va Qur’onni tilovat qilish usullari Ajam musiqa ijro yo’llarini boyitgan va, shuningdek, bu davr Arab musiqasi Islom fath etgan mamlakatlar xalqlarining yuksak san’atini ijodiy o’zlashtirish asosida rivojlangan. Professional vokal janri — “g’ina al-mutqan” asoschilari Soib Xosir (? — 683), Noshit forsi (8-a), Tuvays (? — 710), Ibn Misjax (? – 715), Ibn Surayj (630-726), Jamila (? — 720) va boshqalar aslida Markaziy Osiyo va eronlik bo’lib, Arab musiqasiga o’z xalqlari musiqa san’ati unsurlarini olib kirishgan. 9-11-asrlar Arab madaniyati, xususan, musiqa yuksak darajaga erishdi. Markaziy Osiyo va Eron xalqlari amaliy musiqani va qadimgi yunon musiqa nazariyasini tanqidiy o’rganish asosida buyuk mutafakkirlar Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Zayla, Abu Abdulloh Xorazmiy, “sof birodarlar” (“Ixvon ussafo” olimlar uyushmasi) va boshqalar. Arab tilida musiqa ilmining yuksak namunalarini yaratishgan. Arab musiqasi fani va estetikasining ravnaq topishida 9-asr o’rtalarida Bag’dodda ta’sis etilgan “bayt ul-hikma” (“Hikmat uyi”) olimlarining tarjimonlik faoliyati ham katta rol o’ynadi. Xurosonlik buyuk musiqachilar — Mansur Zalzal (? — 701), ota-bola Ibrohim (742-804) va Ishoq (767— 850) Mavsili, so’g’dlik Allaveyh (9-asr), Ziryob (10-asr) Arab musiqasiga muhim hissa qo’shgan. Arab musiqasi yangi sozlar bilan boyigan. Samarqandlik Xulays bin Axvas ixtiro etgan Shohrud, Muso bin Shokir qurgan gidravlik organ (Arabcha “argan Rumiy”), Shohin, surnay musiqa amaliyotida keng qo’llanilgan. Professional janrlarni ijro etishda va ilmiy tajribalar o’tkazishda ud asosiy cholg’u asbob bo’lib xizmat qilgan. 12-asr oxiri — 13-asr boshlarida Arab musiqasi O’n ikki maqom tizimi doirasida rivojlana boshladi. Keyingi davrda musulmon diniy musiqattg qo’shiq janrlari — zikr, madh an-nabaviya va boshqalar paydo bo’lgan. 19-asr ikkinchi yarmi — 20-asrda Arab musiqachilari milliy musiqa an’analarini qayta tiklashni maqsad qilib qo’ydi. Shu davrda “taxta” ansambl-ijrochilik an’analari keng tarqaldi. Ko’p qismli cholg’u janrlar — bashraf (yoki peshrav), taqsim, samoiy, taxmila, Longa, vokal-cholg’u turkumlar — Nuba, dor, muvashshax, lirik qo’shiq janrlari — du-bayt, layali, mauvval yangicha dunyoviy ma’no kasb etdi. 20-asr boshlarida Yevropa simfonik va opera musiqasining ifodaviy vositalarini ijodiy o’zlashtirishga intilish kuchaydi. Bu yo’nalishda, ayniqsa, misrlik kompozitorlar Said Darvesh (1892-1923), Yusuf Greyz (1899-1961) katta muvaffa-qiyatga erishdi. Simfonik musiqa ustalari Rifat Garai (1924 yil tug’ilgan) va Halim ad-Daba (1921 yil tug’ilgan) asarlari jahondagi ko’p kontsert zallarida ijro etiladi. Misrlik mashhur ashulachi Umm Kulsum ijodida zamonaviy Arab qo’shiqchiligi yuksak pog’onaga ko’tarildi. Deyarli barcha Arab mamlakatlarida o’rta va oliy musiqa o’quv yurtlari dasturlariga ham milliy, ham Evropa musiqa san’atini o’rganish maqsad qilib qo’yilgan. Arab musiqasi masalalari (uning an’analarini saqlash va rivojlantirish vazifalari)ga bag’ishlangan qator xalqaro ilmiy kongresslar o’tkazilgan (Qohira, 1932, 1969, Bag’dod, 1975). Ad.:Ep’Said Mohamed Avad xavas, Sovremsnnaya arabskaya narodnaya pesnya, M., 1970; Eolyan N., Ocherki arabskoy muzgki. M” 1977. Abdumannon Nazarov.