BOYXONOVA ZULAYHO MAHAMATJONOVNA

BOYXONOVA ZULAYHO MAHAMATJONOVNA (1964.28.4, Namangan viloyati Uychi tumani) — aktrisa, xonanda (lirik soprano). O’zbekiston xalq artisti (2003). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1986). 1987 yildan Muqimiy teatrida aktrisa. Nurxon (K.Yashin, T.Jalilov, “Nurxon”) uning sahnada yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik Boyxonova teatrda sahnalashtirilgan deyarli barcha spektakllarda bosh rollarni ijro etib tanildi: Zulayho (R.Bobojon, F.Olimov, “Yusuf va Zulayho”), Nodirabegim (T.To’la, F.Olimov, “Nodirabegim”), Barchinoy (U.Azim, B.Lutfullayev, “Quduq tubidagi faryod”), Oyjamol (R.Ma’diyev, B.Lutfullayev, “Taqdir”), Umida (R.Ma’diev, F.Olimov, “Devona”), Shirin (Xurshid, Yu.Rajabiy, “Farhod va Shirin”) va boshqalar. Boyxonova xonanda sifatida “Samarqand ush-shog’i”, “Farg’ona tong otguncha”, “Gar sog’insam”, “Boylandilar”, “O’zga yor yo’qdir”, “Kechalar”, “Unutma”, “Ovoramiz”, “Holat”, “Tushimda ko’rsam edi”, “Sog’indim”, “Yo rab”, “Ey do’st”, “Salomatlik kerak”, “Ey ko’ngil”, “Alla”, “ehtiyoj”, “Shahloga tushdi”, “Bibixonim”, “Hanuz” kabi ashula va qo’shiqlarni ijro etgan. Boyxonova, shuningdek, telenovella (“izhor”da Zulayho), videofilm (“Yusuf va Zulayho”da Zulayho, “ko’ngil qo’chalari”da Unsin, “qirq tog’oraning qirq nog’orasi”da Bonu va boshqalar) larda ham suratga tushgan.