PERRO SHARL
PERRO SHARL (1628.12.1, Parij -1703.16.5) — frantsuz shoiri va tanqidchisi. Frantsiya akademiyasi a’zosi (1671). 19-asr frantsuz adabiyotida avj olgan “qadimgilar va yangilar bahsi”da ishtirok etib, zamondosh yozuvchilarning qadimgi yozuvchilardan afzalligini yoqlab chiqqan va shu bilan shuhrat qozongan. Ilk parodiyali dostoni — “Troya devori” (1653). Shundan keyin uning “Buyuk Lyudovik asri” (1687) dostoni hamda 4 jildli “san’at va fan masalasida qadimgilar bilan yangilar o’rtasidagi qiyoslar” (1688— 89) dialog shaklida yozilgan asari, “ayollarning ta’rifu tavsifi” (1694) satirik she’ri e’lon qilingan. Perro so’nggi 2 asarida Bualo singari zamondoshlari bilan bahs-munozara yuritgan. Perroning adabiyotning ma’rifiy ahamiyati hamda adabiy taraqqiyotning fan va tamaddunga bog’liqligi masalasidagi qarashlari frantsuz ma’rifatparvarlari tomonidan rivojlantirilgan. Ammo Perroning frantsuz adabiyotidagi katta o’rni “Onaginam Gusina bonuning ertaklari yoki o’tgan zamonlarning ibratli voqea va ertaklari” to’plami bilan belgilanadi. Mazkur to’plam Perroning o’g’li Darmankur nomidan e’lon qilingan. U dastlab 8 ta ertakdan tashkil topgan bo’lib, keyinchalik yana 3 ta she’riy ertak hisobiga boyigan. Frantsuz adabiyotidagi antik madaniyat an’analariga qarshi kurashgan Perro xalq ertaklariga xos “qissadan hissa” chiqarish tamoyilini samarali, deb hisoblagan. U ertakka hazil-mutoyibalar yordamida chinakam xalq ijodiga xos latofat va jozibani olib kirdi. Perro “Ertaklar”i frantsuz adabiyotida xalqchillikning oshishi va ertakning adabiy janr sifatida rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan. Perroning ertaknavislik an’analari akauka Grimmlar, L.Tik, X.K.Andersen singari yozuvchilar tomonidan davom ettirildi. Perroning “Zolushka”, “Etik kiygan mushuk”, “ko’k soqol” singari ertaklari asosida opera va balet spektakllari, multfilmlar yaratilgan. Perroning ayrim ertaklari o’zbek tiliga tarjima qilingan. As: Volshebnne skazki, M., 1984.