TUTKOVUL

TUTKOVUL — Janubiy Tojikistondagi (Nurek shahridan Janubda) qadimgi manzilgoh xarobasi. Maydoni taxminan 1 gektar. 1963-69 yillarda qazish ishlari olib borilgan. Mezolit (miloddan avvalgi 10-9-ming yillik) va neolit (miloddan avvalgi 7 — 5-ming yillik) davrlariga oid qatlamlar aniqlangan. Toshdan yasalgan yarim aylana o’choqlar, tosh parchalaridan terib ishlangan “turar joy maydonchalari” chiqqan. Sopol buyumlar uchramagan. Neolit davri qatlamlari uchun butun, yaxlit tosh va tosh parchalaridan yasalgan qo’pol qurollar, mikrolit ko’rinishidagi kremniydan ishlangan asboblar xos. Mezolit davri qatlamidan esa ko’plab geometrik shakldagi (trapesiyasimon) qurollar chiqqan. Neolit qatlami ostidan ayol va 3 go’dakning bosh suyaklari topilgan, ularning barchasi yevropeoid irqqa xos. Tutkovul aholisi neolit davrida ibtidoiy chorvachilik bilan shug’ullangan.