ELISTA
ELISTA (1944-1957 yillarda Stepnoy) — Rossiya Federatsiyasi Qalmoq Respublikasidagi shahar, respublika poytaxti, temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 103,9 ming kishi (2002). Elistaga 1865 yilda asos solingan. Qurilish materiallari (temirbeton buyumlar, keramzit zavodlari, qurilish materiallari kombinati), yengil (tikuvchilik va trikotaj fabrikalari), yog’ochsozlik (mebel fabrikasi va boshqalar), oziq-ovqat (go’sht kombinati va boshqalar) sanoatlari korxonalari ishlab turibdi. “Xolodilnik” zavodi faoliyat ko’rsatadi. Universitet, drama teatri, o’lkashunoslik muzeyi, kartinalar galereyasi bor.