ELEKTRONIKA

ELEKTRONIKA — fan va texnikaning elektronlar va boshqalar zaryadlangan zarralarning elektromagnit maydon hamda turli jismlar bilan o’zaro ta’siri qonuniyatlarini o’rganish, bu o’zaro ta’sirdan foydalanib energiyani o’zgartiradigan elektron asbob va qurilmalarni yaratish usullarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadigan sohasi. Matematika, fizika, nazariy elektronika kabi fanlar Elektronikaning nazariy asosini tashkil qiladi. Elektronikada axborotni diskret va uzluksiz elektromagnit signallar ko’rinishida olish va ularni o’zgartirish, almashtirish masalasi ham o’rganiladi. Elektronlarning juda kichik inersion xossaga ega ekanligi ularning elektron asboblar ish hajmidagi makromaydonlar bilan ham, atom, molekula yoki kristall panjara ichidagi mikromaydonlar bilan ham o’zaro ta’siridan chastotasi 1012 Gts gacha bo’lgan elektromagnit terbanishlarni, shuningdek,chastotasi 1012— 1020 gs bo’lgan infraqizil, optik, ultrabinafsha va rentgen nurlanishlarni samarali generasiyalash, o’zgartirish va qabul qilish imkonini beradi. Elektron jarayonlar va hodisalarni, shuningdek, elektron asbob va qurilmalar yaratish usullarini tadqiq qilish natijalari elektron texnikaning turli-tuman asbob-uskunalarini, hisoblash texnikasi, informatika, aloqa, radiolokatsiya, televideniye, telemexanika va boshqalar sohalardagi murakkab masalalarni hal qilishga mo’ljallangan turli tizimlar va komplekslarni yaratishda o’z aksini topgan. Elektronikaning asosiy ilmiy masalasi vakuum, elektromagnit maydon va bir jinsli bo’lmagan muhitda zaryadlangan atom zarralarining harakati va bu bilan bog’liq fizik hodisalarni o’rganish va amaliy yo’nalishini belgilash, amaliy masalasi esa axborotni hosil qiluvchi, o’zgartiruvchi va uzatuvchi tizimlarda, hisoblash texnikasida, energetik qurilmalarda, ishlab chiqarish texnologiyasida har xil vazifalarni bajaruvchi elektron asbob va qurilmalar yaratishdan iborat. Elektronika yutuqlari radiotexnika taraqqiyoti, tranzistorlar, uzatuvchi televizion trubkalar yaratilishi bilan uzviy bog’liq. Olimlar J.K.Maksvem, O.U.Richardson, T.A.Edison, T.Gers, G’.V.Rentgen, J.Tomson, X.K.Lorentsyatning ishlari 20-asr boshida Elektronikaning fan sifatida shakllanishiga asos bo’ldi. Rus olimlari A.G.Stoletov, A.Bonchbruevich, N.G.Basov, A.M.Proxorov, S.V.Vavilov, A.A.Chernishev va boshqalar, Amerika olimlari Ch.Tauns, L.De Forest, Z.Varvan, R.Varman, R.Kompfner va boshqalar bu fan taraqqiyotiga muhim hissa qo’shishdi. Elektronika 3 bo’lim: fizik Elektronika, texnik Elektronika va Elektronika texnologiyasi bo’limlaridan iborat. Fizik Elektronika vakuumda, elektromagnit maydonlar va boshqalar har xil muhitlarda atom zarralari, ionlar va neytral atomlarning harakati va ular bilan bog’liq bo’lgan fizik qonuniyatlarni, electron va ion asboblar, qurilmalarni yasash, elektron asbob va qurilmalar yordamida elektromagnit energiyasini olish, uzatish va qo’llanish printsiplarini, atom zarralari oqimlarini, ionlar, kvantlar, elektromagnit maydonning moddalarga ta’sirini nazariy va amaliy o’rganish bilan shug’ullanadi; elektron emissiya, ionlashish, energetik sathlar, yarimo’tkazgichlarda tunnel effekti, elektron oqimlarni fokuslash kabi hodisalarni o’rganadi. Texnik Elektronikada elektron va ion asboblar, qurilmalar va tizimlarni fan, sanoat, aloqa, xalq xo’jaligi, transport va boshqalar sohalarda qo’llash nazariyasi va amaliy hal qilish masalalari ko’riladi. Texnik Elektronikaga elektronnurli trubka, ossillograf, rentgen qurilmalari, EHM, simobli tok o’zgartirgichlar, radiolokatorlar, integral sxemalar va boshqalar kiradi. Elektron apparatlarning qo’llanishiga qarab, texnik Elektronika mustaqil radioelektronika, sanoat, yadro Elektronikasi kabi yo’nalishlarga bo’linadi. Elektron asboblar ishlab chiqarish texnologiyasi ushbu bosqichlar ishchi elementi materiallarini olish, ularning elektrofizik, optik, emission parametrlarini o’rganish, ularga kerakli shakl, o’lcham va sirt xossalari berish uchun mexanik, kimyoviy va elektrokimyoviy qayta ishlash, yarimo’tkazgich materiallardan RP o’tish qismlarini olishda plastik va kristallarni qayta ishlash, asboblarni yig’ish va boshqalar o’ta nozik va murakkab bosqichlardan tashkil topadi. Elektronika elektron va ionli hodisalarning tabiati va qanday muhit hamda moddada borayotganligiga qarab, vakuum Elektronikasi, qattiq jism Elektronikasi va kvant Elektronika sohalariga bo’linadi. Har bir soha bir necha yo’nalishlarni o’z ichiga oladi. Vakuum Elektronikasi quyidagi qismlardan iborat: 1) emission Elektronika, 2) elektronlar va ionlar oqimini hosil qilish va ularni boshqarish; 3) elektron lyuminessentsiya; 4) yuqori vakuum fizikasi va texnikasi; sirt hodisalari; 6) gaz razryadli asboblar fizikasi va boshqalar vakuum E.ning asosiy yo’nalishlari: elektron lampalar, yuqori chastotali elektronvakuum asboblar (magnetronlar, klistronlar, yuguruvchi to’lqin lampalari va boshqalar), elektron nurli asboblar (kineskoplar, ossillograf trubkalari va boshqalar); fotoelektron asboblar (fotoelektron ko’paytirgichlar va boshqalar); rentgen trubkalari, gaz razryadli asboblar (kuchli tok o’zgartirgichlari, yorug’lik manbalari, indikatorlar). Qattiq jism Elektronikasining asosiy qismlari: 1) yarimo’tkazgich materiallar xossalarini va ularga aralashmalarning ta’sirini o’rganish; 2) kristallda har xil o’tkazuvchanlik xossalariga ega bo’lgan sohalarni hosil qilish; 3) zarur xossa va shaklga ega bo’lgan metal yarimo’tkazgich, Dielektrik yarimo’tkazgich, yarimo’tkazgichkontaktli materiallarni olish va ularning texnologiyasini ishlab chiqish; 4) metall, dielektrik, yarimo’tkazgich va qotishmalar sirtidagi fizikkimyoviy hodisalarni o’rganish va ularni boshqarish usullarini topish; 5) o’ta kichik o’lchamdagi asbob elementlarini olish va fundamental masalalarni o’rganish. Qattiq jism Elektronikasi, asosan, yarimo’tkazgichlar Elektronikasi bilan bog’liq. Qattiq jism Elektronikasi yarimo’tkazgichli asboblar (diodlar, tranzistorlar) yaratish va dielektrik elektronika, magnetoelektronika, akustoelektronika, pezoelektronika, krioelektronika kabi yo’nalishlarga ega. Kvant Elektronikaning asosiy yo’nalishlari lazer va mazerlar yaratish, bu asboblarni turli amaliy masalalarni hal qilishga (masofani aniq o’lchash, vaqt va chastota etalonlarini yaratish, energiyani uzatish, uzoq kosmik aloqa, tibbiyot va ishlab chiqarishning ba’zi sohalarida ma’lum vazifalarni bajarishga) joriy etishdan iborat. Elektronika asboblari materiallarini olish va tayyorlash masalalarini Materialshunoslik fani hal qiladi. Elektron asboblar texnologiyasi murakkab bo’lganligi uchun barcha texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish talab qilinadi. Elektron asboblar texnologiyasi bilan bog’liq bo’lgan masalalar mashinasozlik sanoatida elektron mashinasozligi tarmog’ining paydo bo’lishiga olib keldi. Elektronika oldida boshqaruv, hisoblash, aloqa va o’lchash elektron tizimlarida qayta ishlanuvchi ma’lumotlar miqdorini, integral sxemalar samaradorligini oshirish, stereotelevidenie printsiplari va vositalarini ishlab chiqish, amalga oshirish, millimetrli va santimetrli diapazonda ishlovchi o’ta yuqori chastotali Elektronika asboblarini yaratish, mukammallashtirish, kristall panjara bo’shliqlari — kanallarida harakatlanuvchi zarralar xossalaridan foydalanib generatorlar, kuchaytirgichlar kabi turli Elektronika asboblari yaratish, elektron asboblar texnologiyasini mukammallashtirish masalalari turibdi. Elektronika mehnat unumdorligini oshirishda juda qo’l keladi. Elektronika asboblari fan, texnika va ishlab chiqarishda keng qo’llaniladi. Elektronika fani va texnikasining yutuqlari inson faoliyatining deyarli hamma sohalarida qo’llanilmoqda. Elektron texnika vositalari keng ko’lamli asbob va qurilmalarning ajralmas qismiga aylandi. Ular orasida katta integral sxemalar (kis) asosida yaratilgan mikroprosessorlar alohida o’rinni egallaydi. So’nggi vaqtlarda o’ta katta integral sxemalar (o’kis) ishlab chiqildi; ular asosida mikro EHM lar yaratiddi. Ular xalq xo’jaligini boshqarishda, sanoatning turli sohalarida, tibbiyotda, inson hayoti va faoliyatining ko’pgina sohalarida keng qo’llaniladi. Elektronika fani va texnikasi asosan ikki yo’nalish: informasiyahisoblash ta’minoti muammolari hamda energiya olish va undan foydalanish yo’nalishlari bo’yicha rivojlanmoqda. O’zbekistonda Elektronikaning rivojlanishi G. N. Shuppe, S.V. Starodubtsev va U.O. Orifovlefning fizik Elektronika sohasidagi i.t.lari bilan boshlangan. O’zbekistonda Elektronika bo’yicha ilmiy tekshirish ishlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi elektronika instituti, Fizika-texnika instituti, Toshkent texnika universiteti, O’zbekiston milliy universiteti va boshqa ilmiy tekshirish muassasalarida M.S. Saidov, O’.X.Rasulov, N.Y. To’raev, T.D. Rajabov, R. A. Mo’minov, A. T. Mamadalimov va boshqalar olimlar rahbarligida olib borilmoqda. Abdurauf Jo’raxolov, Sunnat G’oipov.