ELBRUS

ELBRUS (kabardincha — Oshxomaxo, Bolqorcha — Mingitov) — katta Kavkazning yon tizma sistemasidagi eng baland tog’massivi. Granit va kristalli slaneslardan tuzilgan baland sokolda joylashgan va, asosan, andezitdan tashkil topgan so’ngan vulkanning qo’sh cho’qqili konusi. G’arbiy cho’qqining balandligi — 5642 metr, sharqiysi — 5621 metr. Ular balandligi 5325 metr bo’lgan tog’ beli bilan ajralgan. Elbrusning ustki qismi firn va muzliklar bilan qoplangan. Undan hamma tomonga muz parraklari radial yo’nalishda tarqalgan. Muzliklarning (umumiy soni 50 dan ziyod) maydoni 134,5 kilometr kvadrat. Ulardan eng yiriklari katta Azav, irik, Tersko’l. Elbrus yonida, Baksan daryosining yuqori oqimida ko’chki va sellar laboratoriyasi joylashgan. Elbrusning Sharqiy cho’qqisi ilk bor (1829 yilda) rus ekspeditsiyasining yo’l boshlovchisi K. Xashirov (Kabardin) tomonidan zabt etilgan, g’arbiy cho’qqisiga esa F. Grove boshchiligidagi ingliz alpinistlari (yo’l boshlovchisi bolqor A. Sottaev) chiqishgan (1874 yilda). Tog’ massivi yon bag’rilaridan shim. Kavkazning yirik daryolari (Kuban va Terek) boshlanadi. Elbrusga yondashgan hudud alpinizm va tog’chang’i sporti, turizm markazlaridan biri.

ELBURS — Eronning shimol qismidagi tog’lar, Kaspiy dengizining Janub qirg’oqlariga tutash, Eron tog’ligining shimol chekkasi. Uzunligi 900 kilometr, eni 120 kilometrgacha. Balandligi 2000-4000 metrli bir nechta parallel tizmalardan iborat. Eng baland joyi 5604 metr (Damovand so’ngan vulkani, Eronning eng baland nuqtasi). Asosan, ohaktosh va qumtoshlardan tuzilgan. Elbrusni Safidrud daryosining chuqur darasi kesib o’tgan. Tog’ tepalari yassi, yon bag’irlari tik. Shimol yon bag’irlari zich keng bargli o’rmonlar, tog’ dashti va yaylovlardan iborat, Janub nisbatan qurg’oqchil yon bag’ri kserofit butalar bilan qoplangan. Milliy bog’ va qo’riqxonalar tashkil etilgan. Neft va gaz konlari ochilgan.