ELEKTROSTATIKA

ELEKTROSTATIKA — fizikaning harakatsiz elektr zaryadlar maydoni va ularning o’zaro ta’sirini o’rganadigan bo’limi. Harakatsiz elektr zaryadlar hosil qilgan elektr maydon elektrostatik maydon deyiladi. Elektrostatikaning asosiy tenglamalari Maksvell tenglamalarining xususiy holidir. Elektr zaryadlar harakatsiz bo’lsa, ya’ni elektr toki bo’lmasa, magnit maydon bo’lmaydi, elektr maydon esa o’zgarmasdan saqlanadi. Tashqi elektrostatik maydon ta’sirida elektrlanmagan jismlarning sirtida elektr zaryadlar paydo bo’lish hodisasi elektr induktsiya yoki elektrostatik induktsiya deyiladi. Elektr induktsiya natijasida paydo bo’lgan zaryadlar induktsion zaryadlar deyiladi. Induktsion zaryadlar erkin zaryadlar yoki bog’langan zaryadlar bo’lishi mumkin. O’tkazgichlarda erkin zaryadlar mavjud bo’lganligi uchun tashqi elektrostatik maydon ta’sirida o’tkazgach sirtining bir qismida musbat ishorali erkin zaryad, boshqa ikkinchi qismida esa manfiy ishorali erkin zaryad paydo bo’ladi. O’tkazgich ichida hech qanday erkin zaryad bo’lmagani uchun elektrostatik maydon ham bo’lmaydi. Tegashli o’lchov asboblarini tashqi elektr maydon ta’siridan saqlashda shu xususiyatdan foydalaniladi. Dielektrik zaryadlari bog’langan zaryadlardan iborat. Tashqi elektr maydon ta’sirida musbat va manfiy ishorali bog’langan zaryadlar qarama-qarshi yo’nalishlarda siljish natijasida dielektrik qutblanadi, uning sirtidagi bir tomonda musbat ishorali bog’langan zaryadlar, ikkinchi tomonda esa manfiy ishorali bog’langan zaryadlar paydo bo’ladi.