TRAXEIT

TRAXEIT (traxeya va itis — yallig’lanish) — traxeya shilliq pardasining yallig’lanishi. Sovqotish, yuqumli kasalliklar (gripp, qizamiq, ko’kyo’tal), shuningdek, yurak, o’pka kasalliklari, bolalarda esa aksari raxit, ekssudativ diatez va hokazolar oqibatida paydo bo’ladi. Asosan, bahor va kuzda ko’p uchraydi. O’tkir va surunkali kechadi. O’tkir Traxeit, odatda, tumov va burunxalqumning yallig’lanishi bilan boshlanib, tezda traxeyaga o’tadi. Bemor yo’taladi (yo’tal, ayniqsa, kechasi va ertalab zo’rayadi), balg’am ajraladi (kasallikning boshlanish davrida balg’am qiyin ajraladi), tomoq va to’sh sohasida og’riq paydo bo’lib, bemor yo’talganda kuchayadi, tomoq tirnalib, achishadi, hiqildoq yallig’lanishi ham qo’shilganda odam bo’g’ilib, butunlay ovozi chiqmay qoladi. Bemorda darmonsizlik, bosh og’rig’i, isitma kabi alomatlar kuzatiladi. O’z vaqtida davo qilinsa, o’tkir Traxeit, odatda, 1-2 qaftadan keyin o’tib ketadi, aks holda surunkali tus oladi, bunda kasallik vaqt-vaqtida qo’zib, uzoq davom etadi.