TAKSILA

TAKSILA (Yunoncha Taxila, qadimgi hindcha Takxasila yoxud Takshashila) — qadimda Hindiston yarim orolining shimoli g’arbidagi shahar (hozirgi Pokistonning Ravalpindi shahridan 35 kilometr narida), Gandxara davlati poytaxti. Miloddan avvalgi 3-2-asrlardan. Mauriyalar imperiyasi shimoli g’arbiy qismining ma’muriy markazi bo’lgan. Taksilaning eng qadimgi arxeologik qatlami miloddan avvalgi 6-asrga oid. Taksila savdo va hunarmandchilikning yirik markazi, xind, ellin, Eron va O’rta Osiyo madaniyatlari mujassam bo’lgan shahar edi. U shuningdek, qadimgi hind fani va maorifi markazi sifatida ham mashhur. Taksila 5-asrning 2-yarmida eftaliylar bosqinida qattiq shikastlangan, aholi shaharni tashlab keta boshlagan va 7-asrga kelib tashlandiq holga kelgan. 1913 yildan boshlab olib borilayotgan arxeologik qazish ishlari qadimgi hind jamiyatining turli jabhalarini o’rganishga doir qimmatli materiallar berdi.