ETNIK GURUH

ETNIK GURUH — muayyan bir xalq (qabila, qabila Ittifoqi, elatning) ning parchalanib alohida qismlarga bo’linib ketishi natijasida vujudga keladigan guruh. Etnik guruhni quyidagicha izohlash mumkin: o’z xalqidan (qabila, elat) ajralib chiqqan guruh va boshqalar xalqlar tarkibiga kirib, uzoq muddat yashab, shu xalqning tili, xo’jalik faoliyati, urf-odatlari, turmush tarzini qabul qilib, unga batamom singib, o’zlarini shu xalq etnik nomi bilan ataydigan bo’lib qoladi. Ammo shu bilan birga bu guruh o’z etnik nomini o’tmishda qaysi qabila, elatga mansub ekanligini, ba’zi an’analarni saqlab qolgan bo’ladi. Masalan, qipchoqlar 19-asrning 2-yarmi — 20-asrning boshlarida o’zbek xalqining tarkibida (o’z lahjalari, turmush tarzi, madaniy hayotidagi ba’zi xususiyatlarini saqlab qolganliklari tufayli) etnografik guruh bo’lgan bo’lsalar, qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq, turkman, boshqird va boshqalar xalqlar tarkibida ham ular (qipchoqlar) Etnik guruh hisoblangan. Shu singari qang’li, Uyshun va boshqalar bir qancha boshqa qabilaviy nomlar ham yuqorida eslatilgan xalqlar tarkibida mavjud bo’lgan. Bular o’z etnik nomlari bilan qaysi xalqlar ichida bo’lsalar, o’sha xalq (qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq, turkman, boshqird va boshqalar) nomi bilan atalgan. Etnik guruh turmush va madaniyatning ba’zi jihatlari (tili, dini, moddiy va ma’naviy madaniyatini o’ziga xos xususiyatlari va boshqalar)ni saqlagan xalq (millat) ning boshqa milliy guruhlar bilan aralashuvi; elatga o’zining ayrim muhim belgilarini saqlagan holda qo’shilishi natijasida, shuningdek, xalqning bir qismi asosiy etnik hududdan uzoq vaqt uzilib qolishi oqibatida yangi tabiiy geografik sharoitga tushishi natijasida xo’jalik va madaniy o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lishi bilan vujudga keladi. Ad.: Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.