EPIDERMOFITIYA
EPIDERMOFITIYA (epidermis va Yunoncha — o’simlik) — terining zamburug’ kasalligi. Dermatofit zamburug’lari (3 turi) qo’zg’atadi. Epidermofitiya bir necha xil bo’ladi. Oyoq panjasi Epidermofitiyasida ko’proq tirnoklar kasallanadi. Kasallik manbai Epidermofitiya bilan og’rigan bemor hisoblanadi. Bu xil Epidermofitiya odamga begona poyabzal, paypoq, ichki kiyim kiyganda, tirnoq oladigan qaychi va h.k.dan foydalanganda, shuningdek, oilada, hammomda, cho’miladigan joylardan yuqishi mumkin. Unga ko’pincha oyoq terlashi, qavarishi, bichilishi, venalarning varikoz kengayishi va boshqalar sabab bo’ladi. Kasallik qo’zg’atadigan zamburug’ salgina shilingan oyoq barmoqlari orasiga kirib olgach, o’sha joy sho’ralab, po’st tashlaydi, so’ngra ichi suyuqlikka to’la pufakchalar paydo bo’lib, ular yoriladi va ichidan suyuqlik chiqadi ( u dastlab tiniq bo’lib, keyinchalik xiralashadi), eroziyalar hosil bo’ladi, keyin qora qo’tir bilan qoplanib, ma’lum vaqtdan so’ng tushib ketadi va yangiyangi pufakchalar paydo bo’laveradi. Ular bir-biri bilan qo’shilib kattalashadi, suvlanadi, yallig’lanib qizaradi va qichishadi. Barmoqlar orasi terisi qavatqavat bo’lib yumshab, oqarib turadi; burmalar osti yorilib, qattiq qichishadi, keyinchalik bu alomatlar asta-sekin kamaya borib, shu soha terisi bir oz quruqshab turadi. Bu bilan kasallik tuzalmaydi, aksincha davolanmasa, surunkali tus oladi; yoz kunlari botbot qo’ziydi. Epidermofitiya zamburug’i tushgan tirnoq yuzida sariq dog’va chiziqchalar paydo bo’ladi, keyinchalik tirnoq yumshab, uvalanib ketadi. Ana shunday tirnoqda va terining ko’chgan kepaklarida zamburug’ipchalari hamda sporalari bo’ladi. Rubrofitiyada oyoq panjasidan tashqari qo’l panjasi, teri burmalari, yuz va badan kasallanadi. Kasallik manbai, uning yuqishi va tarqalishi oyoq panjasi Epidermofitiyasiga o’xshash. Chov Epidermofitiyasida ko’proq chov, qo’ltiq va ayollarda ko’krak bezi osti burmalari yallig’lanib, to’q qizil dog’lar paydo bo’ladi, qattiq qichishadi. Kasallik bemor yoki u ishlatgan buyumlar (mochalka, kleyonka, kiyim-kechak) orqali yuqadi. Epidermofitiyani vrach davolaydi. Kasallik kechiktirib yuborilganda uni davolash ancha mudpkul. Shuning uchun Epidermofitiyaga xos dastlabki alomatlar paydo bo’lganda darhol vrachga uchrashish, bilarbilmas davo qilishga aslo yo’l qo’ymaslik kerak; aks holda kasallik avj olib ketishi yoki ekzemaga o’xshash allergik toshmalar toshishi mumkin. Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, shuningdek, begona poyabzal, paypoqlarni kiymaslik; badanni, xususan, ko’p terlaydigan teri burmalarini alohida sochiq bilan artib quritish, qo’p terlashni davolash kerak.