Chingizxonning shaharni zabt etishi
Chingizxon Muhammad Xorazmshohga qarshi qat’iy urushga tayyorlanar ekan, avval makkor va hali ancha kuchli dushman bo’lgan Kuchlukni bir yoqli qilishga qaror berdi va 1218 yilda unga Qarshi Jebenoyon boshchiligida kata qo’shin yubordi. Kuchluk mo’g’ullarning hujumiga bardosha bera olmadi va Qashqardan qochib ketdi, lekin Sariko’l degan joyda (hozirgi Afg’onistonning Fayziobodidan sharqada) qo’lga tushirildi va tor-mor qilindi. Shu yili mo’g’ullar Sharqiy Turkiston va Yettisuvning g’arbiy qismidan tashqari, shimoli-sharqiy Farg’onani ham o’zlariga bo’ysundirdi. Kosonda va Axsikatda mo’g’ul garnizoni joylashtirildi.
Chingizxonning o’zi 1219 yilning yozida asosiy kuchlar bilan birga Irtish orqali g’arbga tomon yo’l oldi. Qoyalikda (Ili daryosi havzasida, Qozog’iston SSR ning hozirgi Taldiqo’rg’on shahridan 18 kilometr janubi-g’arbda) Arslonxon boshchiligidagi qarluqlarning harbiy kuchlari, Olmaliqdan kelgan So’knak Tegin boshchiligidagi otryad va Bourchik boshliq uyg’urlar otryadi unga kelib qo’shildi.
Urush yaqinlashib qolganiga qaramay, har ikkala tomon savdo-sotiq ishlarini davom ettirdi va bir-birlariga zo’r berib elchilar yuborib turdi. Chingizxon elchilar Xorazmshoh saroyiga, Muhammadning elchilar esa Chingizxon o’rdasiga kelib turishar edi.
1220 yilning fevralida mo’g’ullar Sirdaryodan kechib o’tib, Buxoro va Samarqand tomon yo’l oldi.
Mo’g’ullar Samarqandgacha deyarli jiddiy qarshilikka duch kelmadi va Zarnuk, Nurota, Dabusiya, Saripul va boshqa shu kabi mustahkamlanga qal’alarni egalladi.
O’sha vaqtda Buxoro va Movarounnahrning yaxshi mustahkamlangan shaharlaridan biri edi. Shaharning ikki darvozali arki 1208 yilda Xorazmshoh Muhammad tomonidan qayta tiklangan edi. Shahriston mustahkam devor bilan o’ralgan, rabot esa ikki qator devor bilan o’rab olingan edi. Garnizonda 30000 otliq va piyoda jangchi bor edi.
Mo’g’ullar 1220 yil 7 fevralida Buxoroni chor tarafdan o’rab olib, shahar darvozalari yonida turar edi. 9 fevral kuni tong saharda, ya’ni qamalning uchinchi kunida buxorolik ba’zi harbiy boshliqlar – Inonchxon, O’g’ulhojib, Hamid Pur, So’yunchxon va Qulixon o’z otryadlari bilan shaharni tashlab, Amudaryo tomonga qochib ketdi. Biroq ulardan faqat Isnonchxongina daryodan kechib o’tib, Sulton Muhammad bilan qo’shila oldi, qolganlari esa mo’g’ullar tomonidan qo’lga tushirildi va qirib tashlandi.
Buxoroning asosiy harbiy boshlig’i Ixtiyoriddin Qo’shlu ham shahar mudofaasini tashkil eta olmadi. U kichkina otryad bilan (400 kishi) arkka joylashib oldi. Zodagonlar va ruhoniylarning nufuzli qismi o’rtasida ham hamjihatlik yo’q edi. Imom Jaloliddin Ali, sadr Majiduddin Masxud va taniqli olim Ruqiddin Imomzoda shaharni mudofaa qilish kerak va mo’g’ullarga qarshi aktiv urush olib boeish zarur deb, chiqdilar. Keyinchalik ular ham himoyachilar safiga o’tib, mo’g’ullarga qarshi olib borilgan tengsiz jangda halok bo’ldilar. Boshqalari esa oliy qozi Badriddin Qozixon boshchiligida kelishib, shaharni mo’g’ullarga topshirishga qaror qildilar. Oliy qozi 9 fevralda buxorolik vakillarga boshchilik qilib, Chingizxonning oldiga bordi va shaharni mo’g’ullarga topshirdi. Mo’g’ullar 1220 yil 10 fevralda shaharga kirdi (keyinchalik Badriddin Qozixon Chingizxonning eng yaqin kishilaridan biri bo’lib qoldi). Ark yana 12 kun mudofaa qilindi. Mo’g’ullar arkni qamal qilish va olishda Buxoroning o’z aholisidan va tevarak-atrofdagi aholidan foydalanishdi. 22 fevralda ark ham taslim bo’ldi. Mo’g’ullar arkning barcha himoyachilarini qirib tashladi. Qal’a devorlari va boshqa istehkomlar vayron qilindi, shaharga esa o’t qo’yildi.
Chingizxon Mahmud Yalavocni Buxoroga va viloyatga hokim qilib tayinladi va unga shaharni tiklashni topshirib, o’zi Samarqandga qarab yo’l oldi. Chingizxon qo’shinlari Samarqandga 1220 yil martining boshlarida yetib keldi va shaharni zich xalqa qilib o’rab oldi. Juvayniyning yozishicha, Chingizxonning o’zi gvardiyasi bilan Samarqand yaqinidagi Ko’ksaroyda to’xtadi. Mo’g’ullar shaharni qurshab olib, Samarqand yaqinida ikki kun davovimida siljimay turdi, Juvayniyning aytishicha, Chingizxonning o’zi ana shu vaqtda shaharni ishg’ol qilish rejasini sinchiklab ishlab chiqqan.
Shu voqealarning shohidi, daos manaxi Chan-chunning bergan ma’lumotiga ko’ra, Chingizxon istilosi oldidan Samarqandda 100 ming oila yashagan. Harbiy garnizonning soni to’g’risida manbalarda qarama-qarshi raqamlar kelritiladi; 40 mingdan 110 ming kishigacha, deyiladi. Ularga 20 ta harbiy boshliq (To’qayxon, Ali Erxon, Shayxxon, Boloiyxon va boshqalar) rahbarlik qilgan.
Mo’g’ullar armiyasining shaharni qamal qilganligi to’g’risida ham aniq ma’lumot yo’q. Mo’g’ullar O’tror, Zarnuk, Nur, Buxorodan ko’p minglab “hasharchilar”ni va Samarqand tevarak-atrofidagi qishloqlarning tevarak-atrofidagi qishloqlarning dehqonlarini shaharni qamal qilish uchun bu yerga haydab keltirildi, so’ngra esa ularga bayroqlar berib jangovar saf qilib tizdilar. Bu esa olisdan qaraganda shahar oldida katta armiya to’plangandek bo’lib ko’rinar edi. Biroq Chingizxonning Samarqand ostonalaridagi armiyasidan 25 ming kishilik otryadni Xo’jandga, Alaknoyon qo’mondonligidagi va mingboshi Yasavur boshchiligidagi anchagina kuchlarni Vaxsh va Talikonga, tumanlardan Jebenoyon, Subudoy va Toxuchar bahodirlarni Xorazmshoh qo’shinlarini ta’qib etish uchun Xurosonga yuborganligi ma’lum. Mo’g’ul armiyasi unchalik ko’p bo’lmay, Samarqand garnizoni jangchilari sonidan oshmagan bo’lsa kerak.
Mo’g’ullar qamal janglarini boshlash oldidan Samarqand atrofidagi qishloqlarni “tozaladi”, bu bilan himoyachilarni tashqaridan madad olish imkoniyatidan mahrum etdi. Chingizxonning shaharga yuborilgan ayg’oqchilari karvon saroylar, bozorlar va shaharning boshqa jamoat joylariga suqilib kirib, aholi o’rtasida vahima urug’ini sochishdi.
Mo’g’ullar 1220 yilning 7 yoki 8 mart tongotar paytida shaharni o’qqa tutib, hujum qila boshladi. Oldinda mo’g’ul o’n boshi boshchiligida o’ntadan bo’lib saf tortib, bayroqlar ko’tarib hasharchilar borishdi, ularning panohida esa mo’g’ullar borishdi. Hasharchilarga va ularga boshchilik qilayotgan mo’g’ullarga darvozalar oldidagi qal’a xandaqlarini buzib tashlash buyurildi. Ibn-al-Asiriy Shomaxi bilan Shirvonni qamal qilish to’g’risida quyidagi xarakterli hikoyani yozib qoldirgan: har bir mo’h’ul va hasharchi daraxtlarni sudrab kelib, kechasi qal’a atrofidagi xandaqlarga tashladi. Keyin ular mollar va asirlarni haydab kelib, ularni ham bir-biriga bog’lab, xandaqlarga va devor yonlariga tashlashdi, shu tariqa qisqa vaqt ichida “tepaliklar” ustidan qal’a devorlariga chiqa olardilar.
Mo’g’ullar Samarqandga shiddatli hujum qiladi, ammo himoyachilar bu hujumni qaytarib turadi. Ertasi kuni Chingizxonning shaxsan o’zi qo’shinlarni boshlab boradi, ammo bu shturm ham muvaffaqiyatsiz chiqadi, har ikki tomonikkita talafot ko’radi. Manbalarga qaraganda, jangning uchinchi kunida Samarqand himoyachilari Ali Erxon boshchiligida birdan katta hujumga o’tadi. Bu hujum qatnashchilari mo’g’ullarning oldingi kuchlarini tor-mor qiladi va asirlar olib, shaharga qaytib keladi. Ibn al-Asir bilan Jo’zjoniyning ma’lumotlariga qaraganda, hujumni Samarqand aholisi uyushtirgan bo’lib, unda qo’shinlar ishtirok etmagan. Hujum qatnashchilari mo’g’ullar uyushtirgan pistirma (kamingoh) ga tushib qolib, hammasi qirib tashlanadi.
Shunga qaramay, Samarqandda odam hali ko’p edi, oziq-ovqat va yem-xashak anchagacha cho’ziladigan shiddatli urushga ham yetar edi. Samarqand esa atigi to’rt kun mudofaa qilindi, zodagonlar va shayxulislom hamda oliy qozi boshchiligidagi ruhoniylarning boshliqlari beshinchi kuni shaharni mo’g’ullarga topshirdi.
Mo’g’ullar shaharga Nomozgoh darvozasidan (shaharning shimoli-g’arbiy tomonidan) bostirib kirib, darhol shahardagi istehkomlarni buzishga kirishdi. Ana shundan oldin kechasi Alatxon boshchiligidagi 1000 kishilik otryad shaharni qamal qilib turgan mo’g’ullar safini yorib o’tib, Juvayniy ma’lumotiga ko’ra, keyinchalik Sulton Muhammadga borib qo’shilgan. Jangchilarning qolgan qismi To’g’ayxon, Borsmasxon va O’ldojxon boshchiligida qal’aga yashirinib olib, 1220 yil 17 martgacha qarshilik ko’rsatishdi. “Tarixi arba ulus” ma’lumotiga ko’ra (boshqa manbalarda bu haqda ma’lumot yo’q), qal’aga yashirinib olgan jangchilarning soni 20 ming kishiga yetardi. Mo’g’ullar Jun Arziz kanalini buzganlaridan keyingina qal’ani olishga muvaffaq bo’lgan. Suv arkning tevarak-atrofini bosib, uning devorlarining bir qismini yuvib ketgan. Qal’a taslim bo’lganidan keyin tirik qolgan himoyachilar (1000 kishiga yaqin) sulton Muhammad Xorazmshoh tomonidan 1212-1214 yillarda qurdirilgan Jome masjidiga yashirinib olishgan. Mo’g’ullar masjidga neft quyib, u yerdagi barcha odamlar bilan birga uni yondirib yuborishgan.
Mo’g’ullar Samarqand aholisini qattiq jazoladi. Shahar olingandan keyin tirik qolgan jangchilar va aholini shahardan ochiq yalanglikka olib chiqib, 10 va 100 kishidan saf-saf qilib tizishdi. Ular orasidan savdogarlar, ruhoniylar, hunarmandlar, o’spirinlar va aholining birmuncha badavlat qismini ajratib oldi. Qolgan kishilarni qirib tashlashdi. Chingizxon hunarmandlardan 30000 kishini o’z o’g’illari va qarindosh-urug’lariga taqsimlar berdi. Omon qolgan hasharchilar Xuroson va Xorazmga jo’natildi. Shahar shu qadar huvillab qoldiki, Chan-chunning yozishicha, shaharda avvalgi aholining faqat to’rtdan bir qismi qolgan, xolos. Shaharning tirik qolgan aholisiga 200 ming dinor miqdorda soliq solindi, bu soliqni yig’ish samarqandlik zodagon Amidulmulkka topshirildi.
Xorazmshohning ojizligi va harbiy boshliqlarning o’zaro adovati, ruhoniylar va zodagonlarning sotqinligi Samarqandga juda qimmatga tushdi.