Serenadani kim o’ylab chiqargan?

Qadim-qadim zamonlardan beri baxshi shoirlar yer yuzida kezib yuradilar. Qadimgi Yunonistonda o’z she’rlarini naqorat qilib o’qib yuruvchi sayyor shoirlar rapsodlar deb nom olishgandi. Yevropaning Shimoliy xalqlarida bardlar katta izzat-hurmatga sazovar bo’lishgan. Ancha keyingi zamonlarda shaharlar va qishloqlar bo’ylab quvnoq vagantlar kezib yurishadigan bo’lishdi. Darvoqe, shon-shavkat va ishq-muhabbat sha’ni yo’lida jasoratli ishlarga qo’l urgan risarlar ham xonandalik iste’dodi bilan o’zlarini ko’rsatishgan. Ritsar, agar mahbubaga yuksak, ilohiy muhabbat haqida qo’shiqlar to’qishni uddalay olmasa, chinakam ritsar sanalmasdi. Hattoki ritsarlarning: kim ko’ngil mahbubasini nozikroq, nazokatliroq va yaxshiroq tarannum eta oladi? degan bahslari hal etiladigan mushoira-turnirlar o’tkazib turilgan. Ritsarlar o’z ishqi haqida toliqmasdan, butun oqshom davomida kuylashgan. Shunaqa, ular o’zlarining oqshomlardagi madhiyalarini serenada (alboradalar, ya’ni saharlik madhiyalar bilan chalkashtirmaslik lozim) deb atashgan. Shunday ekan, serenada — ritsarlar ixtirosi, “Serenada” so’zining o’zi fransuz (“Sera” — oqshom so’zidan) va italyan tillarida (“al sereno” ochiq havoda) ildizlariga ega. Aytgandek, serenada Yevropa janubida, Italiya va Ispaniyaning tiniq moviy osmoni ostida dunyoga kelgan. Uyoqlarda serenada shahar hayotining ajralmas qismi bo’lgan. Goh u ko’chadan, goho boshqasidan hamisha musiqa sadosi taralib turar edi. Ko’pincha bu narsa lyutna yoki gitara sadolari ostida kuylangan qo’shiq bo’lar edi. Rossinining ispanlar hayotini ajoyib bir tarzda gavdalantirgan “Sevilyalik sartarosh” operasining aynan serenada bilan boshlanishi ham bejiz emas. Uni maftunkor Rozina derazasi tagida oshiq bo’lib qolgan graf Almaviva yollanma musiqanavozlar jo’rligida kuylaydi. Yollanma musiqanavozlar sadolari ostida qo’shiq kuylashga esa ritsarlar qoidalari tomonidan bemalol yo’l qo’yilgan. Ritsarlar davroni allaqachon o’tib ketdi, serenada esa baribir barhayot holdi: oshiq yigit totli jaranglovchi serenada — ishq haqidagi qo’shiqni endi o’z gitarasi sadolari jo’rligida xonish qiladigan bo’ldi. XVII—XVIII asrlarda ixcham orkestrlar uchun bastalangan dastlabki serenadalar paydo bo’ldi. Shunday manzarani bir ko’z oldingizga keltiring-chi: yoqimtoy, iliq oqshom: bohurmat jamoa orkestr chalayotgan yoqimtoy musiqadan huzur-halovat olgancha toza havoda vaqtini o’tkazayotir. Qoida tariqasida, orkestr uchun bastalangan serenadalar aslzoda zotlar buyurtmasiga binoan yaratilgan. Orkestr uchun serenada — bu, oqshomgi kayfiyat musiqasi, u “toliqsan va zo’rissan” asablarga orom berishi kerak. Eng muhim esa — bu, yopiq xonalarda emas, teatrda ham emas, ochiq havoda chalinadigan musiqa. Gaydn va Motsart ana shunday musiqalar bastalashgan. XIX asrda bu janr deyarli o’rtadan ko’tariladi. Faqat Chaykovskiyning torli cholg’u orkestri uchun “Serenada”si bundan mustasnodir. To’gri, vokal serenada ancha keng tarqaldi — bu endi ritsarning mahbuba ayvoni tagida xonishi emas, balki kontsert ijrosi uchun mo’ljallangan romans edi. Frans Shubertning: “qo’shigim, nolavor qanot qoq” so’zlari bilan boshlanadigan “Serenada”si eng dongdor vokal serenadalardan biridir.