YER RENTASI
YER RENTASI (nemischa Rente — ortga qaytarilgan) — yer egasining o’z yerini tabiiy resurs tarzida ijaraga taqdim etganligi uchun oladigan daromadi; bevosita qishloq xo’jalik ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilgan qo’shimcha mahsulotning yer egalari tomonidan mulk egaligi huquqiga ko’ra o’zlashtiriladigan qismi. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yer maydonlari tabiatan cheklanganligi sababli (inson yer resurslarini ko’paytirishga qodir emas) barcha yerlar mustaqil tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan egallab olinadi va erga xo’jalik ob’ekti sifatida monopoliya vujudga keladi. Natijada yer bilan bog’liq renta munosabatlari paydo bo’ladi. Qishloq xo’jalikda yer egasi foydalanuvchilardan yerdan foydalanganlik uchun to’lov oladi, ya’ni yer egasi (davlat, shirkat, xususiy shaxs) faqat yer egasi bo’lganligi uchun yaratilgan qo’shimcha mahsulotning bir qismini ijara haqi ko’rinishida o’zlashtirib oladi. Davlat oladigan yer solig’i, xususiy yer egalari yerdan foydalanganlik uchun undiradigan to’lovlar Yer rentasi hisoblanadi. Yer rentasining, masalan, barshchina (ishlab berish), obrok (natural soliq) va pul solig’i (mas, xiroj) kabi bir qancha tarixiy ko’rinishlari bor. Hozirgi davrda Yer rentasining asosan, differentsial renta va absolyut renta ko’rinishlari mavjud. Yer uchastkalarining tabiiy va iqtisodiy unumdorligi hamda joylashgan o’rnidagi farklar natijasida olinadigan qo’shimcha sof daromad — differentsial renta deyiladi. Ko’pgina mamlakatlarda sifatidan qat’i nazar ekin ekiladigan yerning xususiy mulk bo’lishi uni ijarachilarga foydalanish uchun berishdan muqarrar suratda daromad keltiradi. Yer egalari yerni ishlovchi ijarachilarga foydalanish uchun ijaraga berishi va ulardan yerdan foydalanganlik uchun to’lovlar olishi natijasida absolyut Yer rentasisi vujudga keladi. Shuningdek, rentaning yana bir turi — monopol renta ham mavjud. Boshqa yerda uchramaydigan tabiiy sharoit, ba’zan noyob qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirish uchun imkoniyat yaratadi. Bunday mahsulotlar monopol narxlarda sotiladi. Bu narxlarning yuqori bo’lishi ko’pincha to’lovga qodir talab darajasi bilan belgilanadi. Natijada monopol narxlar shunday mahsulotlarning individual qiymatidan ancha yuqori bo’lishi mumkin. Bu esa yer egalariga monopol renta olish imkoniyatini beradi. Risolat Ishmuratova.