TSELLYULOZA
TSELLYULOZA (Fransuzcha cellulose, lotincha cellula — hujayra) angidro-Bglyukozalarning elementar zvenolaridan tuzilgan polisaxarid: (S6N5O5) l; poli-1,4 p-D-glyukopiranozild-glyukopironozadan iborat. Tsellyuloza makromolekulalarida angidroglyukoza zvenolari bilan bir qatorda boshqa monosaxarid (geksozalar va pentozalar) hamda uron kislota bo’lishi mumkin. Tsellyuloza, asosan, ba’zi o’simlik urug’lari tukida, masalan, chigit tukida (97-98%), yoyuchda (40-50%, quruq modda hisobida), kanop poya tolasi, o’simlik qobig’ining ichki qatlami (masalan, zig’ir, ramida 80-90%, jutda 75% va hokazolar), bir yillik o’simlik poyalari (qamish, makkajo’xori, boshoqli o’simlik, kungaboqar)da 30-40% bo’ladi. Toza holdagi Tsellyuloza ta’msiz, tolasimon oq modda. Tsellyuloza tabiiy materiallardan Tsellyuloza bo’lmagan komponentlarni parchalovchi yoki erituvchi reagentlar ta’sir ettirib ajratib olinadi. Tsellyulozani ajratib olish usuli o’simlik materialining tarkibi va tuzilishiga bog’liq. Paxta tolasidan Tsellyulozani olishda yumshoq usul qo’llanadi. Paxta tolasi o’yuvchi natriy (Iaon)ning 1,5—3% li eritmasi bilan 3-10 ATM. bosimda 3-6 soat qaynatilib, oksidlovchilar bilan oqartiriladi. Molekulyar modda kichik bo’lgan polisaxaridlar (pentozanlar, geksozanlar, uron kislota), yog’va mum eritmaga o’tadi. Tsellyulozani yog’ochdan ajratib olishda (yog’ochda 40-50% Tsellyuloza, 5-10% geksozanlar, 10— 20% pentozanlar, 20-30% lignin, 2-5% smola va boshqa aralashmalar bo’lib, ular murakkab morfologik tuzilishga ega bo’lganligi uchun) murakkab ishlov berish usuli yog’och tarashalarini sulfitli yoki sulfatli qaynatish usuli qo’llanadi. Sulfitli qaynatish usuli yuqori sifatli qog’oz va karton tayyorlashda, sulfatli qaynatish usuli esa buklamali (gofrirli) karton, qop qog’ozi tayyorlashda qo’llanadi. Tsellyuloza oq rangli tolali material, zichligi 1,52—1,54 g/sm3 (20°da). Kimyoviy tabiatiga ko’ra, Tsellyuloza ko’p atomli spirtdir. Makromolekula elementar zvenosida gidroksil guruhi bo’lganligidan Tsellyuloza ishqoriy metallar va asoslar bilan reaktsiyaga kirishadi. Tsellyulozaga kontsentrlangan ishqor eritmasi ta’sir ettirilganda kimyoviy reaktsiyalar bilan bir qatorda fizik-kimyoviy jarayonlar ham kechadi, ya’ni Tsellyuloza bo’kadi. Tsellyulozaning kontsentrlangan NaOH eritmasi bilan reaktsiyaga kirishishidan to’qimachilik sanoatida sun’iy tolalar va oddiy Tsellyuloza efirlari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Yangi qimmatli texnik xossalarga ega bo’lgan Tsellyuloza materiallari olishda tikilgan sopolimerlar sintezining amaliy ahamiyati muhim. Masalan, polielektrolitlar (poliakril kislota, polimetil vinilpiridin) bilan tikilgan Tsellyuloza sopolimerlardan ion almashingan to’qimalar, tolalar va plyonkalar sifatida foydalanish mumkin. Tsellyuloza makromolekulasining oddiy zvenosida gidroksil guruh borligi uchun ulardan oddiy va murakkab efirlar olish mumkin. Bu birikmalar qimmatli xossalarga ega bo’lganligidan, turli texnika sohalarida tolalar, plyonkalar, lok va elektr izolyasiya qoplamalari, neft va to’qimachilik sanoatida suspenziya stabilizatorlari hamda quyultirgichlari sifatida qo’llanadi.