TSESARKA

TSESARKA (polyakcha — cesarka), xonaki tsesarka — tsesarkalar oilasiga mansub parranda. G’arbiy Afrikada yashaydigan yovvoyi kulrang tsesarka (Numida meleagris) dan kelib chiqqan. Dastlab, Tsesarka Yunoniston va Rimda xonakilashtirilgan. Tanasining uzunligi 30-75 santimetr, bo’yni kalta, bo’ynining ustki qismi va boshi patsiz. Boshida jigarrang toji va oq-qizg’ish shokilasi bor. Tumshug’i egikroq, uzunligi o’rtacha, yonlari siqiqroq. Qanotlari qisqa, dumi kalta. Patlarida yaltiroq ola-chipor dog’lari bor, tanasiga yopi-shib turadi. Ko’k, oq, kulrang va boshqalar tusli. Tsesarka juda harakatchan: uchadi va tez yuguradi. 5-8 yil yashaydi. 6-8 oyligida jinsiy yetiladi. 2-3 yil tuxum olish uchun foydalaniladi (4-6 ta makiyoni uchun bitta erkagi qo’yiladi). Tsesarka go’shti uchun boqiladi. Nari 1,7—1,8 kilogramm, makiyoni 1,8—2 kilogramm go’sht beradi. Yiliga 70-120 ta tuxum qiladi. Tuxumi 42-45 gramm, uzoq saqlanadi, sarig’ida ko’p miqdorda karotinoidlar bor. Jo’jalari 28 sutkada tuxumdan chiqadi. Tsesarka deyarli barcha mamlakatlarda tarqalgan. Sibir va Qozog’istonda, G’arbiy Yevropa mamlakatlarida maxsus xo’jaliklarda yetishtiriladi.