G’ANIYEV NABI

G’ANIYEV NABI (1904 – Toshkent -1953.29.10) — kinorejissyor, o’zbek kinosining asoschilaridan. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1944). Moskvadagi Oliy davlat badiiy-texnik ustaxonasining rabfakida o’qigan (1921-25). 1925 yil Toshkentda kinostudiya ishga tushirilgach, G’aniyev Toshkentga qaytadi va umrining oxirigacha shu kinostudiyada ishlaydi. Atrofiga iqtidorli yoshlarni to’plab, ularga kino haqida ko’proq ma’lumot berish maqsadida “kinoaktyor” va “Kinossenariy” kitoblarini yozadi, “O’zbekiston kino do’stlari” jamiyatini tuzadi, kinotexnikum (hozirgi G’aniyev nomida) ochilishida faollik ko’rsatadi. Avval aktyor, konsultant, rejissyor yordamchisi bo’lgan, asosiy rejissyorlik faoliyatini 30-yillar boshlagan. Uning “yuksalish”, “Ramazon”, “yigit” filmlari o’zbek badiiy kinosining shakllanishida muayyan bosqich yo’lini o’tadi. 2-jahon urushi yillari G’aniyev “Biz yengamiz” filmi suratga olinishida qatnashdi va “dovyurak do’stlar” filmini yaratdi. Keyinchalik unga katta Shuhrat keltirgan va o’zbek kinosining durdonalaridan bo’lgan “Tohir va Zuhra” (1944), “Nasriddinning sarguzashtlari” (1947), “Farg’ona qizi” (1948) kabi filmlarni ekranlashtirdi. 1949-52 yillar davomida yaratgan “Qoraqalpoq diyorida”, “Farg’ona vodiysi”, “Kanash”, “O’zbek raqsi ustalari” kabi hujjatli filmlarida respublika mehnatkashlari hayoti, mehnati, san’atini ulug’ladi. G’aniyev ijodi o’zbek kino san’ati shakllanishi va taraqqiy etishida katta rol o’ynadi. Vafotidan so’ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2001). Toshkent ko’chalaridan biriga G’aniyev nomi berilgan. Ad.:Abulqosimova X., Nabi G’aniev, T, 1967. Xanjara Abulqosimova.