G’IROT
G’IROT, G’irko’k — “Go’ro’g’li” turkumi dostonlaridagi afsonaviy ot obrazi. Dostonlarda tasvirlanishicha, Go’ro’g’lini emizgan baytal bilan Xuroson ko’lidan chiqib kelgan ayg’ir (“suv oti”)dan urg’ochi qulun tug’iladi. Go’ro’g’li bu qulunni tarbiyalab voyaga etkazadi va uch yashar bo’lgach, Rayhon arabning tulporlaridan nasl oladi. Natijada G’irot tug’iladi. U yetti kunlik bo’lganida, onasi o’ladi. Go’ro’g’li unga turli hayvonlar sutini berib parvarishlab, tulpor qilib yetishtiradi. G’irot — fantastik uslubda yara-tilgan obraz. U gapga tushunadi, zarur paytda qahramon (Go’ro’g’li) ga yo’l-yo’riq ko’rsatadi, ehtiyot qiladi, dushmanlarni tishlab, tepib qaytaradi. Qahramon boshiga kulfat tushganda achinadi, yig’laydi; yarador bo’lib, ustida behush qolgan egasini bexatar yerga eltadi, qo’riqlaydi, u asirga tushib qolsa, eliga xabar beradi va hokazolar.