TSIKADALAR
TSIKADALAR, jizildoqlar, Saratonlar (Cicadinea) — tengqanotlilar turkumiga mansub hasharotlarning kenja turkumi. 17 ming turi ma’lum. Tsikadalar juda serharakat hasharot. Tanasining uzunligi 25-50 millimetr. Boshi ko’krak qismiga harakatsiz birikkan. Murakkab ko’zlaridan boshqa yana 2-3 ta oddiy ko’zi ham bor. Qanotlari bir-biriga binoning stropil tomisimon taxlanib yopiladi, oldingi juft qanotlari orqa qanotlarga nisbatan qalinroq. Mo’ylovi va panjasi uch bo’g’imli. Lichinkalik davri 5 yoshdan iborat; tuproqda yashab, o’simlik ildizlari bilan oziqlanadi. Ko’pchilik turlari bir yidda 1-2 avlod beradi. Rivojlanish tsikli 4 yil (g’o’za Tsikadalar), ba’zilariniki 17 yil (kuylovchi Tsikadalar) davom etadi. Daraxt, buta va boshqa o’simliklarga barg shirasini so’rib zarar keltiradi. Ayrim turlari o’simlik poyasiga tuxum qo’yish davrida uning o’tkazuvchi naylarini shikastlaydi. Natijada o’simlikning ayrim qismlari nobud bo’ladi. Tsikadalarning ko’p turlari har xil virusli kasalliklarni tarqatishi mumkin. 10 dan ortiq turi g’o’zaga zarar yetkazadi. Ayniqsa, sariq jizildoq va boshqalar xavfli. Kurash choralari: zararkunanda yashaydigan joy (yantoqzor, qizilmiya chakalaklari) ni yo’q qilish, ekinlarga insektisidlar bilan ishlov berish. Ad.: Nasekomie Uzbekistana, T., 1993.