FALES MILETLIK

FALES MILETLIK (miloddan avvalgi taxminan 625 — taxminan 547) — yunon faylasufi, antik falsafa va fanning ilk namoyandasi. Milet maktabiga asos solgan. Fales savdogar, siyosiy arbob, munajjim, fiziolog, suv muhandisi sifatida ham taniqli edi. U ko’pgina mamlakatlar (jumladan, Misr va Bobil)da bo’lib, ularning madaniyati, fani, falsafiy merosi bilan yaqindan tanishgan. Turli sohalarda, xususan, astronomiyada kashfiyotlar qildi (masalan, Yunonistonda 1-bo’lib Quyoshning miloddan avvalgi 585 yilda tutilishini oldindan aytib bergan). Falesning fikricha, oyning yorug’i Quyosh nurining undagi in’ikosidir. U, shuningdek, Quyoshning 1 yil davomida harakati 365 kunga teng ekanligini isbotlagan. Fales ta’limotiga ko’ra, tabiatdagi turli-tuman narsa va hodisalar dastlabki ibtido — suvdan paydo bo’lgan va pirovardida suvga aylanadi. U 1-bo’lib, olamning moddiy birligi haqida, bu moddiy birlikning doimiy harakatda va o’zgarishda ekanligini aytgan. Fales asarlari saklanmagan. U haqdagi ma’lumotni Aristotel asarlaridan topish mumkin. Jumladan, Fales “Quyoshning harakati haqida” “teng kunlik haqida” kitoblarini yozganligi ma’lum.