FAGOSITOZ

FAGOSITOZ (Yunoncha phagos — yeyish, oziqlanish va cytos — hujayra) — bir hujayrali organizmlar yoki ko’p hujayralilarning ayrim hujayralari tomonidan begona mikroskopik tirik organizmlar (bakteriyalar, hujayra parchalari), qattiqzarrachalarningfaol qamrab olinishi va yutilishi (pinositoz bilan solishtiring). Zarrachalarni qamrab olib hazm qilish xususiyati tuban organizmlar oziqlanishining asosini tashkil etadi. Bu xususiyat evolyutsiya davomida biriktiruvchi to’qimaning muhofaza funktsiyasini bajaradigan ixtisoslashgan hujayralar — fagositlarga o’tgan. Fagositoz hodisasini dastlab I. I. Mechnikov aniklagan (1882). Ayrim hayvonlar oositlari, yo’ldosh hujayralari, tana bo’shlig’i devorini qoplab turadigan hujayralar va ko’z epiteliysi pigmenta ham faol Fagositoz qilish xususiyatiga ega. Fagositoz ketma-ket keladigan bir necha jarayonlar: Fagositoz qilinayotgan ob’ektga yaqinlashuv, ob’ektning fagosit hujayra sirtiga o’rnashib olishi, yutilishi va hazm qilinishidan iborat. Fagositozda hujayra membranasi yot zarrachalarni o’rab oladi va tsitoplazma ichiga so’rib olib, fagosomalar hosil qiladi. Lizosomadan fagosomaga gidrolitik fermentlar kelib quyiladi, yutilgan ob’yektni hazm qiladi. Hazm qilinmagan oziq qoldig’i uzoq vaqt hujayra ichida qolishi mumkin. Fagositoz, asosan, yallig’lanish jarayonlarida, jarohatning bitib ketishida nospesifik immunitet sifatida muhim ahamiyatga ega. Ba’zan “Fagositoz” va “pinositoz” terminlari endositoz nomi bilan yagona tushunchaga birlashtiriladi.