Qanotli so’zlar qayga uchadi?
Faraz qilaylik, siz maqtanchoq yoki yolg’onchini mulzam qilishingiz kerak. Albatta, mana bunday deyish ham mumkin: “Sen, yolg’onchisan!” Mohiyatan bu to’g’ri, ammo siz oddiy, betaraf, ko’p qo’llanaverganidan go’yo siyqalanib ketgan so’zlarni ishlatdingiz-da. Umuman, ro’parangizda turgan pixini yorgan yolg’onchining u qulog’idan kiradi-yu, bunisidan chiqib ketadi, vassalom. Qolganlar esa shunchaki yelka qisib qo’yishadi: dunyo to’la yolg’onchi-ku. Bordi-yu, siz: “Sen, akasi, Xlestakovsan!”degudek bo’lsangiz, ishoning, quyonlardan birini emas, naq ikkalasini nishonga olgan bo’lasiz. Maqtanchoq kalovlanib qoladi, uning do’stlari esa — topib aytdingiz! — deya ustidan kulishadi. Nega? Bilib qo’ying, siz uni tussiz va bedarak yolg’onchilar va maqtanchohlarning umumiy ommasidan ajratib oldingiz va terakning uchiga — hamma ko’radigan joyga — chiqardingiz. Siz uni Nikolay Vasilyevich Gogol va uning umriboqiy “Revizor” komediyasi sharofatidan butun dunyo biladigan umumjahoniy yolg’onchi, benazir aldoqchi bilan qiyosladingiz. Darvoqe, laqma yolg’onchini ham Gogolning boshqa qahramoni — Nozdryovni eslatish bilan popugini pasaytirib ho’yish mumkin. Mana shunaqa, siz “Xlestakov”, “Nozdryov” so’zlarini shubhaga bormasdan qo’llagan bo’lishingiz mumkin, lekin ular — qanotli so’zlar. Albatta, boshqalari ham bor, rus tilida bunday so’zlar nihoyatda ko’p: da zdravstvuet solntse, da skroetsya TMA; est eshyo porox v poroxovnisax; ne xochu uchiteya, xochu jenitsya; smotri v koren; pust silnee gryanet burya… Keltirilgan qanotli so’zlar muayyan muallifga — yozuvchiga tegishlidir. Boshqacha aytganda, u ularni o’ylab topgan va aytgan yoki o’z qahramonlarining tilidan bayon qilgan. Masalan, birinchi ibora — Pushkindan, ikkinchisi — Gogoldan, uchinchisi Fonvizinning Mitrofanushkasiga tegishli, to’rtinchisini Kozma Prutkov to’qigan, oxirgisi esa Gorkiydan olingan. Qanotli so’zlarning o’ziga xosligi aynan shunda mujassamlangan — ular kitoblar, gazetalar, jurnallar, nutqlar, maqolalar, kinofilmlar, spektakllardan adabiy so’zlashuv tiliga potirlab kirib keladi. Ularni olimlar, jurnalistlar, siyosatdonlar irod etishadi. So’zlar qanot qoqadi va ham aslidagidek, ham jinday o’zgarib og’izdan-og’izga ko’chib yuradi. Bunga yo’l qo’yiladi. Tag’in bir o’ziga xos jihat — so’z uni juda ko’p odamlar bilgan taqdirdagina qanotliga aylanadi. Xo’sh, baribir qanotli so’zlar qayga uchadi? “Nuqtai nazar”, “Ishtaha osh ustida keladi”, “Vatan tutuni”, “Yoshlikdagi gunohlar” va “Chikagoda emasmiz, azizam” so’zlari uchayotganda qaysi qanotlarini qoqadi? Qadimgi yunon shoiri, boqiy “Iliada” va “Odisseya”ning muallifi ulug’ Gomer ular so’zlayotganning og’zidan to’ppa-to’gri tinglayotganning qulog’i sari qanot qoqadi, deb hisoblagan. Chunki ular judayam aniq, serifoda, timsolli va esda tez qoladi. Bu fazilatlar esa ularning qanotlaridir, chunki bu qanotlar bir martagina qoqilsa bas, qandaydir nuqsonni abadiy muhrlab tashlaydi yoki tavsifiga bir olam so’z kerak bo’ladigan o’ta murakkab hodisani nazokat bilan tasviflab beradi. Biz ham ishning ko’pi, gapning ozi yaxshiligiga amal qildik — shunisi ma’qul-da.