FALAJ

FALAJ (Arabcha), shol — ixtiyoriy harakatlar qilish qobiliyatining yo’qolishi; nerv sistemasining organik va funktsional zararlanishi natijasida ro’y beradi. Falajga qon aylanishining buzilishi, bosh va orqa miyaning yallig’lanishi yoki shikastlanishi, nerv sistemasining o’smalari va hokazolar sabab bo’ladi. Muskullar yallig’lanib, suyakbo’g’im apparati shikastlanganda harakatlarning mexanik tarzda cheklanishini ularning Falajdagi buzilishdan farqlash lozim. A’zoning qaysi qismi zararlanganiga qarab periferik (sust) Falaj va Markaziy Falaj farq qilinadi. Markaziy Falajda zararlangan qo’lning bukilishini va zararlangan oyoqning yozilishini ma’lum vaziyatda tutib turadigan muskullar tortishib qoladi. Periferik nerv sistemasi kasalligi (yallig’lanish, shikastlanish, qo’rg’oshin, margimushdan zaharlanish) natijasida yuzaga kelgan falaj periferik Falaj deb ataladi. Unda muskullar ingichkalashib tarangligi susayadi va zaiflashadi, qo’loyoq osilib qoladi, bo’g’imlar bo’shashadi. Bunday Falaj bola yoshligida, masalan, poliomielitda ro’y bersa, kasal qo’l yoki oyoq o’smaydi. O’tkazib yuborilgan Falajda bo’g’imlarning harakatlanishi qiyinlashadi, u qo’l-oyoqning noto’g’ri holatda bo’lishiga olib boradi, bu esa ko’pincha harakatlanishni Falajdagidan ham battarroq og’irlashtirib qo’yadi. Kallamiya nervlari kasalligida (yallig’langanda, shikastlanganda kalla suyagi ichiga, miyaga qon quyilganda) yuz muskullari falaji ro’y berishi mumkin. Masalan, ko’z soqqasi muskullari Falajida bemor ko’ziga narsalar ikkita bo’lib ko’rinadi, yuz nervi nevritida yuzning tegishli yarmida mimika muskullarining harakati yo’qoladi, til osti nervi zararlanganda til muskuli falaji kelib chiqadi, bemor gapirish va ovqatlanishta qiynaladi. Falaj bo’lgan bemorga vrach nazorati ostida davo qilinadi. Bunda, asosan, qon aylanish a’zolari hamda Markaziy yoki periferik nerv sistemasi kasalliklari davolaniladi. Falaj yoki parez (chala Falaj) tufayli o’z funktsiyasini yo’qotgan qo’l yoki oyoq to’g’ri bukilib yoziladigan, tirsak va tizza bo’g’imi, barmoklar, oyoq panjasi bir oz bukiladigan, kaft oldibilak bo’g’imi yoziladigan holga keltiriladi. Qo’l-oyoqning to’g’ri holatda bo’lishini saqlash uchun yumshoq bolishcha (paxtani qattiq qilib o’rab ustidan mato bilan tikib qo’yiladi) yoki plastik materialdan qilingan shina ishlatiladi. Biroq kasal qo’loyoq harakatsiz qolmasligi lozim. Shu sababli birinchi kundan boshlab yengilroq gimnastika qilinib, kasal qo’l yoki oyoq bo’g’imlari galmagaldan bukibyoziladi, buni bemorning o’zi bajarishi mumkin. Mashqlar ham harakatning tiklanishiga yordam beradi, bunda bemor bir vaqtda ham sog’lom, ham kasal qo’l-oyog’ini harakat qildirishga urinishi, qo’l-oyoqda harakat paydo bo’lsa, uni kuchaytira borishi kerak. Bemor kun sayin juda bo’lmasa 1-2 santimetr oshiqroq yurishga harakat qilidih, muskullar kuchaya borishi bilan qo’lga og’ir kelmaydigan mashqlar (rezina lenta, espander, rezina koptok yordamida) bajarishi lozim. Yuklama (nagruzka)ni bosqichma-bosqich kuchaytira borish yaxshi natija beradi, zo’r keladigan mashqlarga shoshib o’tish yaramaydi, aks holda harakatlarning tiklanishi to’xtab qoladi. Mashklar tartibini davo fizkulturasini o’tkazuvchi mutaxassis tuzadi. Kuchsiz qo’loyoqdagi qarakatlarni osonlashtirish uchun ortopedik apparatlar ishlatiladi. Davo Falajga sabab bo’lgan asosiy kasallikka qarab olib boriladi, davolash badan tarbiyasi, massaj, dori-darmon va boshqalar fizioterapevtik muolajalar buyuriladi. Falaj va parezlarning oldini olish, asosan, ularning rivojlanishi va asorat qoldirishiga sabab bo’ladigan kasalliklarni bartaraf etishdan iborat. Bolalarni poliomielitga qarshi emlash, ayniqsa, katta ahamiyatga ega.