IQTISODIY XAVFSIZLIK

IQTISODIY XAVFSIZLIK – mamlakat, hudud, firma, kompaniyaning iqtisodiy inqirozga uchrash xavfidan himoya qilish bo’yicha ko’radigan chora-tadbirlari majmui. Rivojlangan mamlakatlarda Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadlarida yirik firma, kompaniyalarda maxsus xizmatlar tashkil qilinadi. Ular bozorlarni o’rganish, talab va taklifni Prognozlash, ilmiy-texnika taraqqiyotini kuzatish va boshqa ishlarni bajaradilar. Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda mahsulot turini muntazam yangilab turish, raqobatdor mahsulotlarni ishlab chiqarish, xarajatlarni qisqartirish muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy xavfsizlik milliy iqtisodiyot darajasida makroiqtisodiy kategoriya va muayyan mamlakat milliy iqtisodiyotini tavsiflaydi, bozor tizimida xatar borligidan va bundan hatto milliy iqtisodiyot ham xoli bo’lmasligini, undan saqlanish zarurligini bildiradi. Iqtisodiy xavfsizlikning bosh mezoni bu mamlakat ehtiyojlarining uzluksiz ta’minlanishi hisoblanadi, bu, birinchidan, imkon boricha o’zini o’z mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlashni, ikkinchidan, mamlakatda yaratish mumkin bo’lmagan tovar va xizmatlarni chetdan qulay narxlarda va uzluksiz keltirib turishni bildiradi. Aks holda iqtisodiyot izdan chiqadi. Milliy iqtisodiyot darajasida Iqtisodiy xavfsizlikning muhim 3 yo’nalishi (oziq-ovqat, yoqilg’i-energetika, eksport) mavjud. Mamlakat aholisining oziq-ovqatga bo’lgan talabini qondirilishi 80%, mamlakatning energiya omillariga bo’lgan talabining o’z hisobidan 70— 80% ga qondirilganda xavfsizlikka erishilgan hisoblanadi. Eksport xavfsizligi mamlakat eksport salohiyatini amalga oshirish imkoniyati bilan belgilanadi. Eksport tarkibida iste’molga tayyor mahsulotlar, birinchi navbatda, ishlov beruvchi sanoat mahsulotlari bo’lishi talab etiladi. Eksportning cheklangan turdagi tovarlarga, ayniqsa, jahon bozorida narxi tez-tez o’zgarib turadigan xom ashyo va energiya omillariga bog’liq bo’lib qolishi eksport xatarini tug’diradi, narxlar pasaygan paytda eksport tushumidagi yo’qotishlar mamlakat iqtisodiyotiga zarar keltiradi. Iqtisodiyot globallashgan, eksport va importning milliy iqtisodiyotga ta’siri kuchaygan sharoitda Iqtisodiy xavfsizlikni o’z ishlab chiqarishi bilan ta’minlab bo’lmaydi. Shunday sharoitda eksport-import aloqalarining muntazamligini strategik sherikchilik asosida ta’minlash Iqtisodiy xavfsizlikni kafolatlaydi. Istiklol yillari O’zbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy siljishlar tufayli don mustaqilligiga erishildi, mamlakat ehtiyojining 90% o’z doni bilan ta’minlandi (2002 y.). Yoqilg’i-energetika kompleksini rivojlantirish natijasida shu sohadagi talab-ehtiyojlarni ham, asosan, o’z ishlab chiqarishi hisobidan qondirishga erishildi. Alisher Vahobov, Sadir Salimov.